add

Asad rejimi qulaganidan so‘ng 2 million suriyalik vataniga qaytdi

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin ikki milliondan ortiq suriyalik muhojir yurtiga qaytdi. Shu bilan birga, Livan va Germaniya hukumatlari ham muhojirlar taqdiri bo‘yicha yangi qarorlar qabul qilmoqda.

Asad rejimi qulaganidan so‘ng 2 million suriyalik vataniga qaytdi
BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi ma’lum qilishicha, Suriyadagi siyosiy tuzumning o‘zgarishi ortidan kamida 2 million muhojir o‘z yurtiga qaytgan. Bu haqda u 20 iyun — Jahon qochqinlar kuni munosabati bilan X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berdi. Grandi bu jarayon siyosiy yechimlar qanday muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi beqarorlik va qochish to‘lqinlarini oldini olish uchun barqaror siyosiy islohotlar zarur. Ayni paytda, Livan hukumati ham o‘z hududida vaqtincha yashab turgan 1,5 millionga yaqin suriyalik muhojirni bosqichma-bosqich yurtiga qaytarishni rejalashtirmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil sentyabrigacha kamida 300 ming kishi Livandan Suriyaga qaytishi kutilyapti. Livan hukumati har bir qaytayotgan muhojirga 100 dollar miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiradi. Biroq ular keyinchalik Livanga boshpana so‘rab qayta murojaat qilmaslikka rozilik berishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, Germaniya hukumati ham Suriyaga deportatsiya jarayonini qayta tiklash haqida o‘ylab ko‘rmoqda. Biroq Tashqi ishlar vazirligining so‘nggi baholashicha, Suriyadagi xavfsizlik vaziyati hanuz jiddiy beqaror bo‘lib turibdi.

Teglar

Mavzuga oid