Asadbek Jumayev tayinlangan 10 sutka qamoq jazosini o‘tamoqda

28.02.2026 | 17:352 daqiqa

Ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirishda ayblangan blogerning hibsxonadagi suratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Asadbek Jumayev tayinlangan 10 sutka qamoq jazosini o‘tamoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 27-fevral kuni Asadbek Jumayevga oid ma’muriy ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqib, birinchi instansiya sudining jarima qo‘llash haqidagi qarorini bekor qilgandi va unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan edi. Qaror Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasining protestidan so‘ng qabul qilindi.

5

Tarmoqlarda tarqalayotgan suratlarda 2003 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Jumayevning sochi olingani va u hibsxonada tozalash ishlariga jalb etilgani aks etgan. U avvalroq YPX xodimlarini obro‘sizlantiruvchi bayonotlari bilan jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan edi.

6

Gap shundaki, 2026 yil yanvar oyi boshida Toshkent shahri Shahrisabz ko‘chasida ikki BMW avtomobili YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan holda harakatlangani tasvirlangan video tarqalgan. Avtomobillarda davlat raqam belgisi bo‘lmagan va qo‘shimcha jihozlar o‘rnatilgani qayd etilgan.

7

O‘sha voqea ishtirokchilaridan biri «Uzbelas Performance» avtoservisi xodimi Asadbek Jumayev bo‘lgan. U bloger Malik Muhamedovga bergan intervyusida qoidabuzarlik uchun oddiy shaxs 15 sutkaga qamalishi mumkinligini, o‘zi esa 10 BHM miqdoridagi jarima bilan qutulganini aytib, bu holatdan «faxrlanishi»ni bildirgan.

8

25-fevral kuni YPX xodimining o‘limiga olib kelgan YTHdan keyin mazkur intervyu parchalari yanada keng tarqaldi va jamoatchilik faollari bunday holatlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rishni talab qildi. Shundan so‘ng IIBB Jumayevning uzr so‘ragan videosini e’lon qildi.

Sud qarori bilan unga nisbatan qo‘llangan avvalgi jarima bekor qilinib, ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Teglar

Mavzuga oid