Logo

Asosiy stavka yana o‘zgarmadi. Sabablar

Kecha 16:464 daqiqa

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartirmadi. Regulyator bu qaror ortida qanday omillar turgani, stavka 0,25 foiz bandlik qadamlar bilan ham o‘zgarishi mumkinmi va iqtisodiyot «qizib ketgani» haqidagi savollarga matbuot anjumanida izoh berdi.

Markaziy bank 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Regulyator qarorni so‘nggi oylarda inflatsiya pasayish sur’atining sekinlashgani, ichki talab yuqoriligicha qolayotgani, energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’sirlari hamda tashqi iqtisodiy noaniqliklar bilan izohladi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida yillik inflatsiya 6,4 foizga yetgan. Bunga asosan tartibga solinadigan energiya tariflarining oshirilishi va ko‘mir narxlarining erkinlashtirilishi sabab bo‘lgan. Bazaviy inflatsiya esa 5,7 foiz darajasida deyarli o‘zgarmagan.

Shu bilan birga, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaygan. Iyun oyida aholi kutilmalari 10,1 foizni, tadbirkorlar kutilmalari esa 9,9 foizni tashkil qilgan. Biroq narxlari 5 foizdan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining ko‘payishi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Regulyator 2026 yil yakuni bo‘yicha prognozlarini ham o‘zgartirmadi. Unga ko‘ra, yil yakunida inflatsiya 6,5 foiz, iqtisodiy o‘sish esa 7,5–8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Markaziy bank qayd etishicha, iqtisodiyotda yuqori faollik saqlanib qolmoqda. Birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,5 foizga o‘sgan. Yuqori iste’mol va investitsion talab, shuningdek, yilning ikkinchi yarmida kutilayotgan fiskal xarajatlar iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, geosiyosiy keskinliklar, jahon bozorlarida oziq-ovqat va xomashyo narxlarining o‘sishi, logistika xarajatlarining ortishi hamda tashqi moliyaviy sharoitlardagi noaniqliklar inflatsiyaga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkinligi ta’kidlandi.

Matbuot anjumanida esa jurnalistlar Markaziy bank rahbariyatiga qaror ortidagi omillar va kelgusidagi pul-kredit siyosati bo‘yicha qator savollar berdi.

Asosiy stavka endi 0,25 foiz bandga ham o‘zgarishi mumkinmi?

Vaqt.uz matbuot anjumanida Markaziy bank rahbariyatidan asosiy stavka bo‘yicha qarorlar kelgusida 0,25 foiz bandlik bosqichma-bosqich qadamlar bilan ham qabul qilinishi mumkinmi, degan savolga aniqlik kiritdi.

Bunga qadar Markaziy bank asosiy stavkani asosan 1 foiz bandga, keyingi yillarda esa 0,5 foiz bandga o‘zgartirib kelgan. O‘tgan hafta Qozog‘iston Markaziy banki stavkani 0,25 foiz bandga pasaytirgani ham bu savolga asos bo‘ldi.

Markaziy bank vakiliga ko‘ra, stavkani qaysi miqdorda o‘zgartirish oldindan belgilab qo‘yilmaydi. Qaror inflatsiya dinamikasi, iqtisodiy faollik va prognozlarga qarab qabul qilinadi. Zarurat tug‘ilganda stavka 0,25 foiz bandlik qadamlar bilan ham o‘zgartirilishi mumkin.

Qat’iy pul-kredit siyosati 9–10 foizlik iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilmaydimi?

Matbuot anjumanidagi yana bir muhim savol Prezident tomonidan belgilangan 9–10 foizlik iqtisodiy o‘sish maqsadi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Markaziy bank vakili bunday sur’atlarga erishish mumkinligini, biroq buning uchun iqtisodiy o‘sish ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, investitsiyalar samaradorligi va mehnat unumdorligi hisobidan ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.

Uning fikricha, aynan shunday o‘sish inflatsiyani kuchaytirmaydi va narxlar barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.

Markaziy bank iqtisodiyotda «qizish» alomatlarini ko‘ryaptimi?

Birinchi yarim yillikda iqtisodiyot 8,5 foizga o‘sgani fonida jurnalistlar Markaziy bankdan iqtisodiyot «qizib ketayotgani», ya’ni o‘sish mamlakatning ishlab chiqarish salohiyatidan yuqori sur’atlarda kechayotgani kuzatilmayaptimi, degan savolni ham berdi.

Markaziy bank bu alomatlar mavjudligini inkor etmadi.

Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyot hozir o‘z potensialidan yuqoriroq sur’atlarda rivojlanmoqda. Aynan shu omil ham pul-kredit sharoitlarini hozircha qat’iy darajada saqlab turish sabablaridan biri hisoblanadi.

Energiya tariflarining ikkilamchi ta’siri nimada?

Matbuot anjumanida energiya tariflari oshishining ikkilamchi ta’siri haqida ham savol berildi.

Markaziy bank tushuntirishicha, gap faqat elektr energiyasi yoki gaz narxlarining oshishida emas. Tariflar transport va logistika xarajatlarini oshiradi, bu esa vaqt o‘tishi bilan boshqa tovar va xizmatlar narxlariga ham ta’sir qiladi.

Regulyator aynan shu omil yaqin choraklarda inflatsiyaning barqaror tarkibiy qismlariga bosim o‘tkazishi mumkinligini qayd etdi.

Shunday qilib, Markaziy bank bu safar ham ehtiyotkor pozitsiyasini saqlab qoldi. Regulyator inflatsiya xavflari hali to‘liq bartaraf etilmagani, ichki talab yuqoriligicha qolayotgani va iqtisodiyotdagi yuqori faollik sabab asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgartirmadi.

Markaziy bank uchun hozirgi ustuvor vazifa inflatsiyani 5 foizlik maqsadga qaytarish bo‘lib qolmoqda. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026 yil 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 170

Barchasi

Mavzuga oid

Asosiy stavka yana o‘zgarmadi. Sabablar | Vaqt.uz