
ASUS smartfon ishlab chiqarishni to‘xtatmoqda
Aqlli telefonlar bozorida raqobat kuchayishi ortidan yirik brend strategik qaror qabul qildi, bu esa kompaniyaning kelgusi yo‘nalishlarini tubdan o‘zgartirishi mumkin.

Aqlli telefon bozorida raqobat keskinlashib, foyda marjalari qisqarayotgan bir paytda yirik texnologik kompaniyalar o‘z strategiyalarini qayta ko‘rib chiqmoqda.
Ana shunday sharoitda «ASUS» 2026 yildan boshlab yangi smartfon modellarini ishlab chiqarmasligini e’lon qildi. Bu qaror ishlab chiqarish xarajatlarining oshib borishi, iste’molchilar talabidagi o‘zgarishlar hamda bozordagi bosim bilan bog‘liq ekani qayd etildi.
Kompaniya rahbariyati bu qadamni bozordan chiqish emas, balki resurslarni yanada samarali sohalarga yo‘naltirish sifatida baholamoqda. «ASUS»ga ko‘ra, smartfon segmenti ayniqsa o‘rta va quyi toifada tobora kam daromadli bo‘lib bormoqda. Shu sababli kompaniya uzoq muddatli barqaror o‘sish uchun ustuvor yo‘nalishlarni qayta belgilashga qaror qilgan.
Strategik burilish
«ASUS» boshqaruv kengashi raisi Jonni Shih Taypeyda, «Taipei Nangang Exhibition Center»da o‘tkazilgan maxsus tadbirda ushbu qarorni rasman ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, 2026 yil davomida yangi smartfon taqdim etilmaydi va bu vaqtinchalik chora ham emas.
Shihning so‘zlariga ko‘ra, «ASUS» resurslari va ilmiy-tadqiqot sarmoyalari endilikda korporativ komputer yechimlari, robototexnika, aqlli ko‘zoynaklar va jismoniy sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarga yo‘naltiriladi. Kompaniya ushbu segmentlarda qo‘shimcha qiymat yuqori bo‘lgan mahsulotlar orqali o‘sishga erishishni maqsad qilgan. Bu esa «ASUS»ning an’anaviy iste’mol elektronikasidan yuqori texnologiyali yechimlar tomon burilayotganini anglatadi.
Foydalanuvchilar uchun kafolat
Kompaniya smartfon ishlab chiqarishni to‘xtatishiga qaramay, mavjud mijozlarni qo‘llab-quvvatlash davom etishini bildirdi. «ASUS» bozorda mavjud barcha smartfon modellari uchun texnik xizmat, dasturiy yangilanishlar va kafolat doirasidagi xizmatlar saqlab qolinishini ma’lum qildi.
Rahbariyat ta’kidlashicha, bu qaror amaldagi foydalanuvchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerak. Sotuvdan keyingi xizmatlar to‘liq hajmda amalga oshiriladi, dasturiy ta’minot yangilanishlari esa belgilangan reja asosida chiqariladi.





