Logo

Avtomobil bozori o‘zgarmoqda: Chevrolet sotuvi ilk marta 80 foizdan pasaydi

Bugun 18:002 daqiqa

2026 yilning dastlabki besh oyida O‘zbekistonda avtomobil savdosi 7,7 foizga o‘sdi. Biroq UzAuto Motors va Chevrolet’ning bozordagi ulushi qisqarishda davom etmoqda. Aksincha, BYD, KIA va Haval kabi raqobatchilar savdoni tez sur’atlarda oshirmoqda.

Avtomobil bozori o‘zgarmoqda: Chevrolet sotuvi ilk marta 80 foizdan pasaydi

O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar–may oylarida 146 361 dona avtomobil sotuvi amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga ko‘proq.

2025 yil yanvar–may oylarida UzAuto Motors’ning bozorda sotilgan avtomobillardagi ulushi 55,9 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 47,1 foizgacha pasaydi.

Ya’ni bozorda UzAuto Motors hukmronligi sekin-asta yo‘qolib bormoqda. Biroq, yaqqol yetakchilik hali ham saqlanib turibdi.

2026 yildan boshlab UzAuto Motors foydasi pasayishni ham boshlagan. Kompaniya sof foydasi uch oy ichida 648,3 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu 2025 yilning mos davridagi foyda — 771,9 mlrd so‘mdan 16 foizga kamroq.

Bundan tashqari, Chevrolet brendi ostida sotilgan avtomobillari ulushi so‘nggi bir yilda 82,3 foizdan 78,4 foizgacha kamaydi. Chevrolet brendining sotuvi 80 foizdan pasayishi O‘zbekistonda birinchi marta sodir bo‘ldi.

Cobalt hamon eng ko‘p sotilgan avtomobil modeli sifatida o‘z o‘rnini saqlab turibdi. Shunga qaramay, sotuvlar o‘tgan yilga nisbatan 35,4 foizga kamayib, 35 245 donani tashkil qildi.

1

Damas sotuvi 32,3 foizga o‘sib, qariyb 30 mingtaga yetgan bo‘lsa, Onix sotuvi 132 foizga keskin ko‘paydi va 16,5 mingtaga yetdi.

Onix va Damas modellari sotuvi sezilarli oshishiga avtokonsern va banklar o‘rtasidagi shartnomaga asosan foizsiz avtokreditlar taqdim qilinayotgani turtki bo‘lmoqda.

Boshqa brendlar sotuvi o‘smoqda

Chevrolet brendidagi avtomobillar sotuvi pasayib borayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan boshqa brendlar sotuvi o‘sishda davom etmoqda.

Jumladan, so‘nggi bir yilda BYD sotuvi 74,3 foizlik o‘sish qayd etdi va 7 859 donadan 13 700 donagacha ko‘paydi. Bunda eng ommabop modellar Song Plus, Yuan Up va Chazor Champion bo‘lib turibdi.

BYD bozor ulushi bo‘yicha ham sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi — 5,8 foizdan 9,4 foizga. Kompaniya gibrid va elektr avtotransport vositalari bilan qo‘shimcha o‘yinchi emas, bozorni shakllantirayotgan brendga aylanmoqda.

Bundan tashqari, KIA sotuvi 7,8 foizga o‘sib, 9 945 taga, Haval sotuvi 26,9 foizga o‘sib, 3 580 taga, Chery sotuvi 9,2 foizga o‘sib, 3 795 taga yetdi. Bu uchchala brend ham bozordagi ulushini oshirib bormoqda.

Qaysi modellar ommalashmoqda?

Modellar sotuvi bo‘yicha dona hisobida Onix (+9,4 ming), Damas (+7,3 ming) va Tracker (+3,5 ming) sezilarli o‘sish qayd etdi.

Eng tez o‘sgan modellar esa Yuan Up (+148,9 foiz), Onix (+132,1 foiz), Song Plus (+87,2 foiz) hamda Chazor Champion (+79,5 foiz) bo‘ldi. Bu ro‘yxatda BYD modellarining barchasi gibrid avtomobillar hisoblanadi.

Sotuvi eng ko‘p tushgan modellar orasida, yuqorida qayd etilganidek, Cobalt 35,4 foizlik pasayish bilan eng yomon natijani ko‘rsatdi. Arrizo 6 Pro (-19,9 foiz) va Sportage (-19,4 foiz) modellarida ham sezilarli pasayish kuzatildi.

Teglar

Mavzuga oid