
«Avtooyna» zavodidagi davlat ulushi qariyb 16 mln dollarga sotildi
22.05.2025 | 16:205123
«Avtooyna» MCHJdagi 100 foiz davlat ulushi «Uet Invest» kompaniyasiga 200,5 mlrd so‘mga sotildi. Savdoda 8 ta investor ishtirok etdi, g‘olib esa eng yuqori narxni taklif qilgan mahalliy xaridor bo‘ldi.

2025 yil 22 may kuni davlat ulushlarini xususiylashtirish doirasida «Avtooyna» MCHJ ustav kapitalining 100 foizi «Uet Invest» MCHJga 200,5 mlrd so‘m (hozirgi kurs bo‘yicha taxminan 15,5 mln dollar) evaziga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Mazkur savdoda 8 ta mahalliy va xalqaro investor ishtirok etdi, shulardan 4 tasi rasmiy takliflar taqdim etdi. Ularning ichida eng yuqori narxni taklif qilgan «Uet Invest» g‘olib deb topildi. Kompaniya savdo qoidalariga muvofiq, to‘lovning 35 foizini 1 oy ichida amalga oshirishi lozim.
«Uet Invest» — «Uet construction» MCHJ asoschi shirkati bo‘lib, kompaniya aksiyalarining 76,95 foizi Hurdiyor Ortiqboyevga, qolgan 23,5 foizi esa asoschi kompaniyaga tegishli. «Uet construction» qurilish va sanoat infratuzilmasi sohalarida faoliyat yuritadi.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, xaridor 10 yil davomida zavodning asosiy ishlab chiqarish yo‘nalishini saqlab qolishi va «General Motors» bilan mavjud litsenziya va texnologiya shartlariga amal qilishi lozim. Bu talablar xalqaro hamkorlikni saqlab qolish va texnologiya uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan, «Avtooyna» davlat ulushi belgilangan indikativ narxdan yuqori bahoda sotilib, xususiylashtirish jarayoni samarali yakunlandi. Davlat, ushbu shartnoma orqali, mahalliy investitsiya va sanoatni rivojlantirishda muhim qadam tashladi.





