«Avtoterroristlar erkalatiladigan diyor»: 10-sinf o‘quvchisi urib ketgan YPX xodimi vafot etdi
Jamoatchilik faollari mazkur fojiani shunchaki tasodif emas, balki yo‘llardagi «buzuq tizim» va «boyvachchalarning jazosizlik hissi» natijasi deb atamoqda.

Toshkent shahrida 2010 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola boshqaruvidagi BMW urib ketgan YPX inspektori Hosilbek Eshnazarov vafot etdi. Bu haqda YHXX xabar qildi.
Voqea 25-fevral kuni soat 21:48 larda Toshkent shahrida yuz bergandi. Kichik serjant Xosilbek Eshnazarov YTH oqibatida hayoti uchun og‘ir tan jarohatlarini olib 3 kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan. U ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi.
Kichik serjant Hosilbek Eshnazarov 2022 yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Uning ortidan 2 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz farzandlari qoldi.
«Boyvachchalar»
Joriy yilning yanvar oyida Toshkent markazida ikkita BMW avtomobili YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, xavfli manyovrlar bilan qochib ketgan edi. Ushbu voqea ishtirokchilaridan biri, «Uzbelas Performance» avtoservisi boshlig‘i Asadbek Jumayev bloger Malik Muhammedovga bergan intervyusida qilmishidan faxrlanishi, «tanish-bilishlari» borligi va «10 baravar BHM (4 mln so‘m atrofida) jarima bilan qutulib qolgani» bilan maqtangandi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 25-fevral kuni xuddi shu «muhit» vakillaridan biri, Asadbek Jumayevning tanishi — haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, 10-sinf o‘quvchisi (16 yoshli o‘smir) BMW M4 rusumli yuqori tezlikdagi mashinada xizmat vazifasini bajarayotgan YPX inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yubordi, va uning umriga zomin bo‘ldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkent shahrida YPX xodimlariga bo‘ysunmay qochib ketgan BMW avtomobillari aks etgan videoni «masxaralash» uchun e’lon qilgan Asadbek Jumayevning sud ishi qayta ko‘rib chiqildi va u 10 sutkaga qamaldi.
Jamoatchilik e’tirozi
Bloger va yurist Xushnudbek Xudoyberdiyev mazkur holatni «tasodifiy voqea emas, balki uzoq yillardan buyon yo‘l harakati xavfsizligi sohasida buzuq qadriyatlar ustuvor bo‘lib kelayotganining natijasi» deb atadi. Unga ko‘ra, shu sohaga mas’ullar barcha aybni o‘z zimmasiga olishi kerak.
«Avtoterroristlar erkalatiladigan, avtomobil ulug‘lanadigan diyorda hali bu kabi ayanchli voqealar yana bo‘ladi. Chunki bizda maqsad qoidabuzarlarga qarshi kurash emas, balki jarima orqali ko‘proq soqqa undirish bo‘lgan. Masalan, bugun ham O‘zbekistondagi eng katta jarima bu ruxsatsiz tonirovka bilan yurish uchun o‘rnatilgan. Lekin qizilda o‘tganda jarima salkam 10 baravar arzon. Belgilangan tezlikdan 60 km/soat tezroq kelganda jarima salkam 2 baravar arzon. Shunaqa jazo tizimini ishlab chiqqanlarning qurt yegan kallalariga qoyil!», — deya yozdi u o‘z sahifasida.
Xushnudbek Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, bu tizim budjetga milliardlab pul tushiradi, kambag‘allarni qoidalarga bo‘ysunishga majburlaydi (chunki ularning puli yo‘q), ammo boylar uchun naq jannat bo‘ladi.
«Pulini to‘lab, istagancha qoida buzaveradi. Maqtanib internetga qo‘yaveradi. YPX inspektorlarining ustidan xohlagancha kulaveradi. Xullas, avtoterrorist boylar davlatga ham, qonunlarga ham tupurib qo‘ygan. Shunaqa muhit, shunaqa qonunchilik yaratgan ham o‘zimiz. Ana endi hosilini ham o‘zimiz teramiz. Faqat bu qonli hosil. Har yili minglab o‘liklar bilan badal to‘laymiz. Ota-onasiz qolgan yetimlar, bolasiz qolgan ota-onalarning qonli ko‘z yoshlari bilan hosil terishga majburmiz. Barakalla! Mas’ullarga rahmat! Qonun chiqaruvchi parlamentimizga tashakkur. Butun dunyo shahar ichida tezlikni kamaytirish, piyodalarga ustunlik berish, mashinalarni cheklash haqida o‘ylayotgan bir davrda biz shahar ichida ruxsat etilgan tezlikni oshirayotganimizning o‘zi kimligimizni aytib turibdi. Buzuq miyalar, buzuq kallalar, buzuq qadriyatlar, bir so‘z bilan aytganda — buzuq tizim», - deya yozdi u.
Iqtisodchi-bloger Bahodir Abdullayev mazkur voqea aybdorlari faqat bola va uning ota-onasi degan fikrga mutlaqo qo‘shilmasligini aytdi.
«Menimcha, biz mana shu voqea oldini olishimiz mumkin edi. Biz odamlar YPX inspektori ustiga mashina haydamaydigan, undan qochishga urinmaydigan jamiyat qurishimiz mumkin edi. Biz 10-sinf o‘quvchisi muqarrar ravishda odam o‘ldirishga qarab ketayotganini ko‘ra bila turib, unga reaksiya qilolmaydigan tizimimizni to‘g‘rilashimiz mumkin edi, shunda bugun u maktabida o‘tirgan bo‘lardi. Biz 3 nafar bola yetim bo‘lib qolishining oldini olishimiz mumkin edi. Bugungi voqea aybdorlari faqat bola va uning ota-onasi degan fikrga men mutlaqo qo‘shilmayman. Urush yo‘q, tinch makonda davlat xizmatchisi bunday vafot etishini normal emas, bu tizimning yoriqlarini ko‘rsatgan og‘ir xulosa. Agar xulosa ola bilsak, albatta», - deya yozdi Bahodir Abdullayev.





