BAA sohillari yaqinida kema qo‘lga olindi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi taranglik fonida yana bir dengiz hodisasi qayd etildi. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, BAA yaqinidagi kema noma’lum shaxslar tomonidan olib ketilgan.
© Foto: AnadoluBirlashgan Arab Amirliklari sohillari yaqinida noma’lum shaxslar tomonidan kema qo‘lga olingan va hozir u Eron suvlari tomon yo‘l olgan. Bu haqda «Bloomberg» Britaniyaning Dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi (United Kingdom Maritime Trade Operations, UKMTO) ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Hozircha qaysi kema haqida so‘z borayotgani aniqlanmagan. UKMTO ma’lumotiga ko‘ra, u Fujayra sohillari yaqinida langar tashlab turgan. «Bloomberg» qayd etishicha, hodisa Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalar soni ortib borayotgan bir paytda yuz bergan. Bir necha kun avval Eron ushbu dengiz yo‘lagidan kemalar o‘tishining yangilangan tartibini taqdim etgan edi.
Oldingi hodisalar
Avvalroq dunyo neft eksportining taxminan 20 foizi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashilardi. Ammo AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan keyin tranzit keskin qisqardi. Ayrim kemalar bo‘g‘ozdan o‘tishga uringanida hujumlarga uchragan.
Mintaqada tijoriy kemani qo‘lga olish bilan bog‘liq avvalgi hodisa 8-may kuni sodir bo‘lgan. Eron Ummon ko‘rfazida «Ocean Koi» tankerini qo‘lga olganini ma’lum qilgan. Tehronga ko‘ra, u Eron neftini tashigan.
Fevral oyida AQSH ushbu tankerga qarshi sanksiyalar joriy qilgan va uni Eronning «yashirin floti» tarkibiga kiritgan edi. Kemachilik ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, tanker Xitoy kompaniyasi boshqaruvida bo‘lgan.

