add

Banklarni sanatsiya qilish tartibiga oid yangi qonun qabul qilindi

O‘zbekistonda banklarni muammoli holatdan chiqarish va tugatish bo‘yicha huquqiy asos yaratildi.

Banklarni sanatsiya qilish tartibiga oid yangi qonun qabul qilindi
2025 yil 23 iyun kuni «Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Yangi hujjat banklar, ular guruhlari hamda bank aksiyalarining nazorat paketini nazorat qiluvchi xolding kompaniyalariga tatbiq etiladi. Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Markaziy banki sanatsiya va tugatish sohasida vakolatli davlat organi sifatida belgilandi. U muammoli banklarni aniqlash, ularni barqarorlashtirish yoki tugatishga doir qarorlar qabul qilish huquqiga ega. Sanatsiyani boshlash uchun bir qator shartlar belgilandi. Jumladan, bankning to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lishi yoki shunday xavf yuqori bo‘lishi, bank va Markaziy bank tomonidan ko‘rilgan choralar samarasizligi, bankning tizimli ahamiyatga egaligi kabi holatlar sanatsiya uchun asos hisoblanadi. Qonunga ko‘ra, Markaziy bank maxsus boshqaruvchi tayinlab, sanatsiya jarayonini boshlash huquqiga ega. Sanatsiya vositalari sifatida aktivlar va majburiyatlarni o‘tkazish yoki sotish, oraliq bank tashkil etish, kapitalni hisobdan chiqarish yoki konvertatsiya qilish kabi choralar nazarda tutilgan. Ushbu huquqiy mexanizm bank tizimi barqarorligini ta’minlash va moliyaviy xatarlarni kamaytirishga qaratilgan. Qonun banklar faoliyatida shaffoflikni kuchaytirish va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid