add

Banklarning moliyaviy ko‘rsatkichlari qanday?

30.01.2026 | 22:522 daqiqa

O‘zbekistonda banklarning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha davlat banklari hamon yetakchilik qilmoqda. Aktivlarning 63 foizi 9 ta davlat bankiga to‘g‘ri keladi.

Banklarning moliyaviy ko‘rsatkichlari qanday?

SNS Ratings agentligi O‘zbekistondagi banklar, mikromoliya tashkilotlari, lombardlar, sug‘urta kompaniyalari va qimmatli qog‘oz emitentlarining ko‘rsatkichlari haqida tahliliy ma’lumot taqdim qildi.

Tahlil 2023 yil 4-choragidan 2025 yil 3-choragigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Unda bozor ishtirokchilarini solishtirish imkoniyati bor.

Banklar orasida aktivlar bo‘yicha «Milliy bank», «Agrobank», «SQB», «Asakabank» va «Kapitalbank» yetakchilik qilgan. Bu beshta bankning jami kapitali bozordagi ulushning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi.

1

2023 yildan beri banklarning jami aktivi 650,7 trln so‘mdan 868,8 trln so‘mgacha o‘sgan. Bunda o‘sish ko‘rsatkichi 33 foizdan yuqori.

Depozitlar bo‘yicha ham «Milliy bank» birinchi o‘rinda. «Kapitalbank» va «Agrobank» kuchli uchlikni yakunlab bergan. 2025 yil III chorak yakuni bo‘yicha banklarning jami depozit portfeli 350 mlrd so‘mdan oshgan.

Ustav kapitali bo‘yicha TOP-10 banklar

2

Solishtirilayotgan davrda banklarning ustav kapitali 67,6 trln so‘mdan 91,5 trln so‘mgacha o‘sgan. Bunda «Milliy bank», «Agrobank» va «Xalq banki» yetakchi bo‘lsa, kuchli o‘nlikdan nisbatan yangi bo‘lishiga qaramasdan «TBC Bank» ham joy olgan.

Bundan tashqari, saytda boshqa tashkilotlar ko‘rsatkichlari bilan ham tanishish mumkin. Masalan, lombardlar orasida «Oltin Lombard» aksariyat yo‘nalishlarda yetakchi. Sug‘urta kompaniyalari orasida esa Apex Insurance yaqqol birinchi o‘rinda.

2025 yil bo‘yicha banklarda moliyaviy natijalar

O‘tgan yilda bank tizimining jami aktivlari 924,7 trln so‘mni, kapitali esa 135,4 trln so‘mni tashkil etdi. Kredit portfeli 604 trln so‘mgacha, depozit portfeli 417,3 trln so‘mgacha o‘sdi.

Bu ko‘rsatkichlarda davlat banklarining ulushi yuqoriligicha qolmoqda. 35 ta bankdan 9 tasi davlat banki bo‘lsa, aktivlarning 63 foizi, kreditlarning 67 foizi, kapitalning 60 foizi, depozitlarning 51 foizi shu 9 ta davlat bankiga to‘g‘ri kelmoqda.

Banklarning umumiy sof foydasi 2025 yilda 15,5 trln so‘mga (1,2 mlrd dollar) yetdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 123 foizga ko‘p bo‘ldi.

«Milliy bank» 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston banklari orasida eng ko‘p foyda olgan bank sifatida ham qayd etilgan. Bank yil davomida 1,9 trln so‘m foyda olgan.

Ikkinchi o‘rinni 1,88 trln so‘m bilan «SQB» (+576,9 mlrd so‘m) egallagan. «Kapitalbank» (+632,4 mlrd so‘m) esa 1,79 trln so‘m foyda olib, kuchli uchlikni yopib bergan.

Shu bilan birga, muammoli kreditlar ulushi o‘tgan yildagi 4 foizdan 3 foizgacha kamaydi. Bu kredit portfeli sifatining yaxshilanayotganini ko‘rsatadi.

Avvalroq o‘zbekistonliklar qaysi banklarga pullarini ko‘proq ishonayotgani haqida ma’lumot bergandik. Bu borada «Kapitalbank» birinchi o‘rinni olgandi.

Teglar

Mavzuga oid