add

«Barcha bitimlarning onasi»: YI va Hindiston mega-savdoittifoqini tayyorlamoqda

Mazkur kelishuv natijasida umumiy aholisi 2 milliard kishiga yaqin bo‘lgan va jahon yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan bir qismini ta’minlovchi ulkan bozor shakllanishi kutilmoqda.

«Barcha bitimlarning onasi»: YI va Hindiston mega-savdoittifoqini tayyorlamoqda

Yevrokomissiya Hindiston bilan erkin savdo to‘g‘risida shartnoma imzolash niyatida. Bu kelishuv natijasida umumiy aholisi qariyb 2 milliard kishini tashkil etuvchi va jahon YAIMning to‘rtdan bir qismini qamrab oluvchi bozor shakllanishi kutilmoqda. Bu haqda YeK raisi Ursula fon der Lyayen Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida chiqishida ma’lum qildi, deb xabar berdi Clash Report.

«Davosdan so‘ng darhol men Hindistonga yo‘l olaman... Biz tarixiy savdo kelishuviga yaqinlashyapmiz, ba’zilar uni «barcha bitimlarning onasi» deb atashmoqda», - dedi fon der Lyayen.

The Economic Times manbalariga tayanib xabar berishicha, Hindiston va Yevropa Ittifoqi 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan 16-Hindiston – YI sammiti davomida erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuv (ESTK) bo‘yicha muzokaralar yakunlanganini e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

Sammit Yevropa kengashi rahbari Antoniu Koshta va fon der Lyayen hamraisligida o‘tadi. Ikkala Yevropa yetakchisi, shuningdek, 25-yanvar kuni Hindistonda nishonlanadigan Respublika kuni bayramida faxriy mehmon bo‘lishadi.

Nafaqat savdo, balki xavfsizlik ham

Tashrif dasturida yopiq maslahatlashuvlar, shuningdek, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan delegatsiyalar formatidagi muzokaralar ko‘zda tutilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, erkin savdo to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi barcha huquqiy jarayonlar, jumladan, Yevroparlament tomonidan ratifikatsiya qilinishi yakunlangach, yaqin oylar ichida kutilmoqda. Bundan tashqari, tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan xavfsizlik va mudofaa sohasidagi sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvni rasmiylashtirish niyatida.

Hindiston va YI 2004 yildan beri strategik sheriklar maqomiga ega.

Hindiston va YI o‘rtasida erkin savdo hududini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar 2007 yilda boshlangan edi, biroq bir qator asosiy masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli ular bir necha bor to‘xtatib qo‘yilgan va 2013 yilda butunlay to‘xtatilgan edi. Ularning qayta tiklanishi jahon savdo tizimidagi jiddiy o‘zgarishlar fonida 2022 yilda yuz berdi. 2024 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 120 milliard yevroga (taxminan 140 milliard dollar) yetdi, bunda Hindiston eksportining qariyb 17 foizi YI mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston uchun 3 ta asosiy ta’sir nuqtasi

Birinchi navbatda, ushbu kelishuv «Shimol-Janub» xalqaro transport yo‘lagining ahamiyatini keskin oshiradi. Hindiston va Yevropa o‘rtasidagi savdo aylanmasi ortishi O‘zbekiston orqali o‘tadigan tranzit yo‘nalishlariga bo‘lgan talabni kuchaytiradi. Ikkinchidan, O‘zbekistonning GSP+ tizimidagi ishtiroki doirasida Yevropa bozoriga chiqayotgan mahsulotlari uchun Hindiston kabi yirik raqobatchi paydo bo‘ladi. Uchinchidan, investitsiyaviy muhitning o‘zgarishi. Yevropa kompaniyalari Hindiston bilan yaqinlashgan sari, ushbu yirik bozorlarga yaqin bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasiga, xususan O‘zbekistonga «ishlab chiqarish xabi» sifatida qiziqish bildirishlari mumkin.

Teglar

Mavzuga oid