
«Barselona» hisobidan kriptofiribgarlar foyda ko‘rdi
Jamoaning 144 millionlik auditoriyasi nomidan firibgarlar mem-koyn haqidagi xabarni joylashtirishdi va u bir soat davomida o‘chirilmadi.

Kataloniyaning mashhur futbol klubi «Barselona»ning rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalariga noqonuniy ravishda kirish amalga oshirildi. Skamerlar jamoa nomi orqali kriptovalyuta muhlislarini aldashga urinib, yangi mem-koynni targ‘ib qiluvchi xabarni joylashtirishgan.
Firibgarlar joylagan post 144 milliondan ziyod obunachiga yetib bordi va u bir soatdan ortiq vaqt davomida o‘chirilmagan. Bu oraliqda noma’lum tokenning bozordagi kapitalizatsiyasi qisqa vaqt ichida 2 million dollardan oshib ketdi.
Mutaxassislar aytishicha, bu holat futbol klublarining katta raqamli nufuzidan foydalanib, kriptoinvestorlarni firibga tortuvchi yangi usullardan biri sifatida baholanmoqda. «Barselona» vakillari hodisa bo‘yicha rasmiy izoh berishmagan, ammo ma’lumotlarni tiklash va xavfsizlik tizimlarini kuchaytirish ishlari boshlangani aytilmoqda.
Hozirda bu kiberxujum ortida kim turgani va xabar tarqatilgan platforma aniqlanmoqda. Ko‘plab ekspertlar shunday keng auditoriyaga ega sport brendlarining sahifalari hakerlar uchun jozibador nishonga aylanganini ta’kidlamoqda.
Hodisa internetda keng muhokamaga sabab bo‘lib, muxlislar klubdan xavfsizlik choralarini kuchaytirishni talab qilmoqda.





