Baydenning Oq uydan ketgandan keyingi hayoti qanday kechmoqda?
«The Washington Post»ning yozishicha, sobiq prezident jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.

Oq uyni tark etganiga 18 oy bo‘lgan 83 yoshli sobiq AQSH prezidenti Jo Baydenning hayoti metastatik saraton kasalligini davolash sababli keskin cheklanib qolgan. Bu haqda sobiq yordamchilar va Baydenga yaqin odamlarga tayanib, «The Washington Post» nashri ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning may oyida, prezidentlik muddati tugaganidan to‘rt oy o‘tib, Baydenga suyaklarga tarqalgan prostata saratonining tajovuzkor shakli tashxisi qo‘yilgan. Sobiq prezident hozirda radiatsiya va gormon terapiyasini olmoqda, shuningdek, saraton teri hujayralarini olib tashlash uchun Moxs jarrohligini boshdan kechirgan.
Davolanish jarayoni ijobiy kechayotganiga qaramay, kasallik va muolajalar uni jismonan zaiflashtirib qo‘ygan. Hozirda uning kun tartibi asosan davolanish, oilasi va o‘z merosini shakllantirish ishlaridan iborat.
Joriy yilning 17-noyabr kuni, AQSHdagi oraliq saylovlardan ikki hafta o‘tib, Jo Baydenning yangi memuarlari nashr etilishi rejalashtirilgan. Ushbu holat ko‘plab demokratlarni va sobiq maslahatchilarni tashvishga solmoqda. Ular Baydenning sog‘lig‘idagi muammolar jamoatchilikka ko‘rinishi 2024 yilgi saylovlardagi keskin bahslarni yana qayta qo‘zg‘atishidan xavotirda.
Shuningdek, seshanba kuni federal apellyatsiya sudi konservativ «Heritage Foundation» tahlil markaziga maxsus prokuror tomonidan Baydenni «xotirasi sust keksa odam» sifatida ta’riflashga asos bo‘lgan audio va transkriptlarni olishga ruxsat berdi.
Sobiq prezidentning siyosiy merosi va tanqidlar
AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp Baydenning yoshi va aqliy holatini bir necha bor masxara qilib kelmoqda. Jumladan, u Oq uydagi Bayden portretini avtoruchka (avtopen) suratiga almashtirgan. Bu Baydenning yordamchilari uning o‘rniga qaror qabul qilgani haqidagi ayblovlarga ishoradir. Tramp o‘z nutqlari va ijtimoiy tarmoqlarda Baydenning sog‘lig‘iga tez-tez urg‘u berib, uni «Uyquchi Jo» deb atagan.
Baydenning oila a’zolari bunday hujumlardan norozi. O‘tgan oyda Xanter Bayden otasining kasalligini nishonga olgan tanqidchilarga ijtimoiy tarmoqlarda javob qaytardi:
«Otamning siyosati yoqmasligini va Fox News gaplariga ishonib meni yomon ko‘rishingizni tushunaman. Mayli, bunga e’tirozim yo‘q, lekin otam saraton bilan kurashyapti. Qanday qilib bundan hujum quroli sifatida foydalanish mumkin? Shuni o‘zingizga ep ko‘rishingiz uchun qanchalik tuban (yoki ko‘r) bo‘lishingiz kerak?», — deb yozdi u.
Jamoatchilik oldida chiqishlarini cheklagan
Baydenning Delaverdagi prezidentlik kutubxonasi uchun mablag‘ yig‘ish jarayoni ham qiyin kechmoqda. Jamg‘arma 2027 yil oxirigacha bor-yo‘g‘i 11 million dollar yig‘ishni kutmoqda. Bu Jimmi Karter, Bill Klinton, Jorj Bush va Barak Obama kabi boshqa sobiq prezidentlarning Oq uyni tark etganidan so‘ng yiqqan yuzlab million dollar mablag‘lari va keng ko‘lamli loyihalaridan keskin farq qiladi.
Tramp ham uxlab qolmoqda
Baydenning kasalligi muhokama qilinayotgan bir paytda, Demokratik partiya vakillari hozirgi prezident Donald Trampning sog‘lig‘iga ham e’tibor qaratish kerakligini aytmoqda. Demokratik Milliy qo‘mitaning sobiq raisi Jeymi Xarrison 80 yoshli Trampning yig‘ilishlar vaqtida uxlab qolayotganini ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, Tramp 2025 yilning aprelidan buyon qo‘llaridagi ko‘karishlar va oyoqlaridagi shishlar sababli Uolter Rid nomidagi milliy harbiy tibbiyot markaziga uch marta tashrif buyurgan va uni 22 nafar shifokor ko‘rikdan o‘tkazgan. Biroq, Oq uy ma’muriyati Trampning sog‘lig‘i a’lo darajada ekani va shishlar qon aylanishi bilan bog‘liq odatiy holatligini ta’kidlab kelmoqda.





