
Belgiya mudofaa xarajatlarini keskin oshirmoqda
04.06.2025 | 22:0013852
Belgiya hukumati qit’adagi beqaror geosiyosiy vaziyatni inobatga olgan holda qurolli kuchlar salohiyatini kuchaytirishga 36 milliard yevro ajratishini ma’lum qildi. Bu haqda mahalliy nashrlarga tayanilgan holda Top War xabar berdi.

Hukumat dastlab mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha oshirishni rejalashtirgan. Shundan so‘ng, harbiy salohiyatni bosqichma-bosqich kengaytirish ko‘zda tutilmoqda. Investitsiyalar asosan aviatsiya, havodan mudofaa va qurolli qo‘shinlarga yo‘naltiriladi.
Quruqlikdagi harbiy qismlarga 10 milliard yevro ajratiladi. Aviatsiya sohasi uchun esa 21 ta yangi F-35 samolyoti sotib olinadi. Bundan so‘ng Belgiya ixtiyoridagi mazkur zamonaviy uchuvchi qurilmalar soni 55 taga yetadi.
Yana 5 milliard yevro Yevropa miqyosidagi ma’lumotlar boshqaruv tizimiga sarflanadi. Investitsiyalar NASAMS havo mudofaa tizimidan 10 ta, 300 ta “Piorun” raketa qurilmasi va Sky Guardian dronlarini xarid qilishni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, qo‘shimcha harbiy fregatlar xaridi ham rejada bor.
Belgiya hukumati ushbu chora-tadbirlar orqali mamlakat mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, NATO standartlariga yaqinlashish va mintaqada xavfsizlikni ta’minlashni maqsad qilgan.





