
«Bizni qo‘rqitib bo‘lmaydi»: The New York Times Trampning da’vosiga javob qaytardi
17.09.2025 | 10:0036355
Tramp o‘z bayonotida The New York Times’ni «AQSH tarixidagi eng yomon va tanazzulga yuz tutgan gazetalardan biri» deb atadi.

The New York Times AQSH prezidenti Donald Trampning 15 mlrd dollarlik da’vosiga rasmiy munosabat bildirdi. Gazeta rahbariyatiga ko‘ra, da’vo asossiz bo‘lib, u faqat mustaqil jurnalistik faoliyatni cheklashga urinish sifatida baholangan.
«The New York Times turli tazyiqlardan cho‘chimaydi. Biz faktlarni xolis tekshirishda va amerikaliklar nomidan savol berishda davom etamiz. Birinchi tuzatish (Konstitutsiya) bilan belgilangan so‘z erkinligi huquqini himoya qilamiz», - deyiladi nashr bayonotida.
Trampning da’vo arizasida The New York Times bilan bir qatorda gazetaning to‘rt nafar muxbirlari hamda Penguin Random House nashriyoti ham javobgar sifatida ko‘rsatilgan. Reuters xabariga ko‘ra, Trampning da’vosi 2024 yilgi prezidentlik saylovlari oldidan chop etilgan maqolalar va Penguin tomonidan nashr etilgan «Schastlivыy neudachnik» kitobidagi ma’lumotlarga bog‘liq. Unda Trampning prezidentlikka yaroqsizligi haqida yozilgan edi.
Tramp o‘z bayonotida The New York Times’ni «AQSH tarixidagi eng yomon va tanazzulga yuz tutgan gazetalardan biri» deb atadi. U shuningdek, gazetani Demokratik partiya nomzodi Kamala Xarrisni saylov jarayonida qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblab, buni «tarixdagi eng yirik noqonuniy siyosiy yordam» sifatida baholadi.
Prezidentning Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozganiga ko‘ra, da’vo Florida shtatida rasmiylashtirilgan. Prezident gazeta vakillari «o‘nlab yillar davomida Tramp va uning oilasi, biznesi hamda MAGA harakatini haqorat qilib kelgan»ni aytgan.
Bu Trampning ommaviy axborot vositalariga qarshi birinchi sud ishi emas. 2024 yil noyabrda u CBS va Paramount kompaniyalariga Kamala Xarris bilan efirga uzatilgan intervyu uchun da’vo qilgan va natijada Paramount 16 mln dollar, ABC News esa 15 mln dollar miqdorda kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgan. Shuningdek, Tramp The Wall Street Journal gazetasiga ham 10 mlrd dollarlik da’vo arizasi kiritgan.
Trampning mediatuzilmalarga qarshi qator sud ishlari ortidan, The New York Times o‘z pozitsiyasini qat’iy belgilab, so‘z erkinligini himoya qilishda davom etishini ma’lum qildi.





