
«Blue Origin» Oy missiyasi uchun kosmik turizmni to‘xtatadi
«Amazon» asoschisi Jeff Bezosga tegishli «Blue Origin» kompaniyasi ikki yilga «New Shepard» kosmik turizm dasturini muzlatishini ma’lum qildi. Kompaniya bu davrda e’tiborini Oyga uchishga tayyorgarlikka qaratmoqchi.

«Amazon» asoschisi Jeff Bezosga qarashli xususiy aerokosmik kompaniya «Blue Origin» 30-yanvarda «New Shepard» kosmik turizm dasturini ikki yilga to‘xtatishini e’lon qildi. Uning o‘rniga kompaniya «NASA»ning astronavtlarni Oyga yuborish bo‘yicha rejalashtirilayotgan missiyalariga tayyorgarlikka e’tibor qaratadi.
«The New York Times» nashri eslatishicha, «Blue Origin» AQSH kosmik agentligi bilan «NASA Artemis» dasturi doirasida astronavtlarni Oyga yetkazish uchun qo‘nish modulini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Dastlab Bezos kompaniyasining moduli «Artemis V» missiyasida qo‘llanilishi rejalashtirilgan edi. Biroq «Artemis III» va «Artemis IV» Oy missiyalari uchun kosmik kemani ishlab chiqayotgan Ilon Maskka tegishli «SpaceX» kompaniyasi jadvaldan ortda qolmoqda. Shu sababli «NASA» ham «Blue Origin», ham «SpaceX»dan «Artemis III» parvozini tezlashtirishga yordam berishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar ustida ishlashni so‘ragan. Shartnoma qiymati 3,4 mlrd dollarga baholanmoqda, bu esa «New Shepard» dasturidan olinadigan daromadlardan ancha yuqori.
Qo‘shma Shtatlar 2030 yilgacha Oyda doimiy forpost barpo etish va u yerda ishlaydigan yadroviy reaktor qurishni rejalashtirmoqda. Xabar qilinishicha, «NASA» shu yo‘l bilan o‘z Oy dasturlariga ega bo‘lgan Rossiya va Xitoyni ortda qoldirishni istaydi. AQSH prezidenti Donald Tramp dekabr oyida astronavtlarni 2028 yilda – ikkinchi prezidentlik muddati yakunlangunga qadar – Yer yo‘ldoshiga qo‘ndirishni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan.
«Blue Origin»ning kosmik yutuqlari
«New Shepard» raketasi 2021 yildan beri tijoriy suborbital parvozlar uchun qo‘llanilib kelingan. Shu vaqt ichida u G‘arbiy Texasda joylashgan «Blue Origin» start maydonidan 38-marta uchirilgan va 92 nafar insonni kosmos chegarasiga olib chiqqan. Ular orasida ilk parvoz qilganlardan biri Jeff Bezosning o‘zi ham bo‘lgan.
2024 yil aprel oyida «Blue Origin» 60 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor to‘liq ayollardan iborat ekipajni kosmosga yubordi. Uning tarkibida amerikalik xonanda Keti Perri va Bezosning nikohlanish arafasidagi sevgilisi Loren Sanches ham bor edi.
Oxirgi, olti nafar yo‘lovchi ishtirok etgan parvoz o‘tgan hafta bo‘lib o‘tdi. «Blue Origin» kompaniyasida aytilishicha, «New Shepard» orqali kosmosga uchishni istaganlar navbati bir necha yil oldindan shakllangan.
Bezos kompaniyasi vakillariga ko‘ra, «New Shepard» parvozlari davomida to‘plangan tajriba og‘ir sinfdagi «New Glenn» raketasini ishlab chiqishda qo‘llanilgan. Kutilmoqdaki, bu ko‘p martalik raketa-tashuvchi Yer atrofi orbitasiga 45 tonnagacha yuk olib chiqa oladi, uning tezlatuvchi bosqichi esa keyin okeandagi platformaga qo‘nadi. «New Glenn»ning ilk ikki uchirilishi 2025 yilning yanvar va noyabr oylarida amalga oshirildi, ikkinchi parvozda raketa orqali Marsga ikki sun’iy yo‘ldosh yuborilgan.
Oyga inson qo‘nganiga 50 yildan oshdi
Oyga insonlarning so‘nggi qo‘nishi 1972 yilda – «NASA»ning «Apollon-17» kosmik kemasi ekipaji tomonidan amalga oshirilgan. Ilk bor amerikalik astronavtlar 1969 yilda, «Apollon-11» missiyasi doirasida Oyga qo‘nishgan edi.





