
BMT: G‘azoda yordam punkti yaqinida 6 haftada 798 nafar inson halok bo‘lgan
13.07.2025 | 20:3037573
Ta’minot markazlari atrofidagi zo‘ravonlik BMT tomonidan tanqid qilindi.

13 iyul kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi G‘azo sektoridagi gumanitar yordam punkti va kolonnalari yaqinida so‘nggi olti haftada kamida 798 nafar odam halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda Jenevadagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ulardan 615 nafari AQSH va Isroil qo‘llab-quvvatlaydigan G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi (GHF) yordam markazlari yaqinida halok bo‘lgan. Qolgan 183 holat esa yordam kolonnalari yo‘lida qayd etilgan.
BMT ushbu yordam tarzini «dastlabdan noxavfli» va gumanitar xolislik me’yorlariga zid, deb baholadi. Xalok bo‘lganlarning aksariyati yordam olish maqsadida to‘plangan tinch aholi vakillari bo‘lgan.
GHF asosan xususiy amerikalik logistika va xavfsizlik kompaniyalari orqali gumanitar yuklarni yetkazib bermoqda. Bu tizim BMT rahbarligidagi tarmoqni chetlab o‘tadi. Isroil BMT orqali yetkazilgan yordamni HAMAS to‘dalarining talonchiligiga duchor bo‘lishda ayblagan. HAMAS esa buni rad etmoqda.
GHF vakili esa BMT bilan hamkorlik qilinsa, qurbonlar sonini qisqartirish mumkin bo‘lar edi, deb bayonot berdi. Isroil armiyasi o‘z navbatida tinch aholi bilan ziddiyatlarni kamaytirish maqsadida yangi yo‘llar ochayotganini va to‘siqlar o‘rnatilayotganini ma’lum qildi.
BMT qoshidagi Butunjahon oziq-ovqat dasturi rahbarlaridan biri Karl Skauning ta’kidlashicha, BMT gumanitar yetkazib berishda asosiy ishtirokchi bo‘lib qolishi shart. Hozirda sektorda oziq-ovqat va energiya tanqisligi ortib bormoqda. Yaqinda JSST tomonidan 11 ta yuk mashinasida dori-darmon yetkazildi.





