
BMT Isroildan zo‘ravonlikni to‘xtatishni talab qildi
G‘arbiy sohilda o‘n minglab odam o‘z uy-joyidan haydab chiqarilgan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi vakili Tamin al-Xitan Iordan daryosining ishg‘ol qilingan G‘arbiy sohilida Isroil tomonidan falastinliklardan tortib olingan yerlarni tajovuzkorona va noqonuniy kengaytirishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
Jenevadagi haftalik matbuot anjumanida so‘zga chiqqan vakilning ta’kidlashicha, G‘arbiy sohilda yangi hujumlar va Isroil manzilgohlarini qurish rejalari Falastin davlati mavjudligiga hamda falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirishiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Reydlar va majburiy ko‘chirishlar
Uning so‘zlariga ko‘ra, 12-yanvar kuni Isroil xavfsizlik kuchlari Sharqiy Quddusda keng ko‘lamli reyd o‘tkazgan va falastinliklar yashaydigan kamida ikkita mavzega hujum qilgan. Shuningdek, u butun G‘arbiy sohil bo‘ylab ko‘plab reydlar o‘tkazilgani, aholini ko‘chirish haqida buyruqlar berilgani va o‘nlab odamlar hibsga olingani haqida ma’lum qildi.
«Bosqin ostida yashayotgan aholini noqonuniy quvish yoki ko‘chirish harbiy jinoyat hisoblanadi. Muayyan sharoitlarda bu insoniyatga qarshi jinoyat sifatida ham baholanishi mumkin», — dedi al-Xitan.
O‘n minglab falastinliklar uy-joysiz qolmoqda
U o‘tgan yildan beri bosib olingan G‘arbiy sohilda o‘n minglab falastinliklar o‘z uy-joylaridan majburan chiqarib yuborilganini eslatib o‘tdi.
«Jenin, Tulkarm va Nur-Shams qochqinlar lagerlaridan majburan chiqarib yuborilgan 32 mingdan ortiq odam hamon o‘z uylariga qayta olmayapti. Ko‘plab uylar Isroil kuchlari tomonidan vayron qilingan», — deya qayd etdi u.
Al-Xitan Isroil xavfsizlik kuchlari ko‘magida va ishtirokida isroillik ko‘chmanchilar tomonidan qo‘llanilayotgan shafqatsiz zo‘ravonliklar hamda harakatlanishga qo‘yilgan qat’iy cheklovlar falastinliklarni o‘z yerlaridan quvib chiqarish jarayonini tezlashtirayotganini ta’kidladi.





