
Boeing kompaniyasining AQSH bilan kelishuvi kimning foydasiga hal bo‘lmoqda?
05.06.2025 | 14:2046593
Boeing kompaniyasi 2018 va 2019 yillarda sodir bo‘lgan halokatlar uchun javobgarlikdan qochish maqsadida AQSH Adliya vazirligi bilan $1,1 mlrdlik kelishuvga erishdi. Bu kelishuv jabrlanuvchilar oilalariga vakillik qiluvchi advokatlar tomonidan qattiq tanqid qilindi.

Indoneziyadagi Lion Air aviahalokatida jabr ko‘rgan 16 oila manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Sandjiv Singx BBC nashriga bergan intervyusida kelishuvni «axloqan jirkanch» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv Boeing'ga «jinoiy javobgarlikdan haqiqiy qochish» imkonini beradi.
Kelishuvga muvofiq, Boeing 346 qurbonning yaqinlariga umumiy $444,5 mln to‘laydi, qo‘shimcha ravishda xavfsizlik, sifat va nazorat tizimlarini yaxshilash uchun $455 mln ajratadi. Shuningdek, kompaniya $487,2 mlnlik jinoiy jarimaga rozi bo‘lgan, uning yarmi 2021 yildayoq to‘langan edi.
Agar federal sudya ushbu kelishuvni ma’qullasa, Boeing jinoiy sud jarayonidan qutulib qoladi. AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga berilgan ma’lumotga ko‘ra, AQSH Adliya vazirligi kompaniyaga qarshi qo‘shimcha jinoiy ish ochmaslikka rozi bo‘lgan.
Boeing o‘z bayonotida halok bo‘lganlar xotirasini ulug‘lash maqsadida kompaniyada keng qamrovli islohotlar o‘tkazishda davom etishini bildirgan.
Shu bilan birga, Singx kelishuv federal sudya tomonidan ko‘rib chiqilayotganda jabrlanuvchilarning qarshiligi bildirilishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, belgilangan mablag‘lar kompaniyaning haqiqiy javobgarligini qoplamaydi.
«Bu $1,1 mlrd haqiqatda Boeing uchun jinoiy javobgarlikdan 10 dollar to‘lab qutulish kabi. Bu oddiy avtoturargoh jarimasi kabi ko‘rinadi», dedi advokat.





