
Bog‘cha bolalarining zaharlanishi bo‘yicha 7 kishi qamoqqa olindi
27.09.2025 | 15:4024502
Toshkent viloyatida ikki mingga yaqin bog‘cha tarbiyalanuvchisining ommaviy zaharlanishi ortidan ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalar mas’ullariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Tergov doirasida 7 kishiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Ulardan 3 nafari oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxona mansabdorlari bo‘lib, mahsulot sifatidagi qonunbuzarliklarda ayblanmoqda. Qolgan 4 kishi esa bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi autsorser firmalar mas’ullari hisoblanadi.
Jinoyat ishi dastlab Toshkent viloyati IIBB tomonidan tergov qilingan bo‘lsa, keyinchalik materiallar Ichki ishlar vazirligiga o‘tkazilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar aybdorlarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘rilishi kerakligini bildirmoqda.
Avval xabar berganimizdek, o‘tkir gastroenterit tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan bolalar soni 963 nafarga yetgan. Ulardan 269 nafari sog‘aygan, 421 bolaga esa 27 sentyabr kuni shifoxonadan uyiga javob berilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 13 bolaning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda qolmoqda.





