Bojxona deklaratsiyasini elektron shaklda topshirish mumkin

02.03.2026 | 17:551 daqiqa

Mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan me’yorlardan qat’i nazar, ular majburiy tarzda deklaratsiya qilinishi lozim.

Bojxona deklaratsiyasini elektron shaklda topshirish mumkin

Adliya vazirligi tomonidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va rasmiylashtirish tartibiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, deklaratsiyani mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin bo‘ladi.

Mazkur o‘zgartishga muvofiq, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasining elektron shakli bojxona organlarining axborot tizimida mobil ilova orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi. Bu esa chegara nazoratida qog‘ozbozlikni qisqartirish va jarayonni tezlashtirishga xizmat qiladi.

Deklaratsiyani to‘ldirish jarayonida aniqlangan xatoliklar bojxona xodimi tomonidan tuzatiladi

Yangi qoidalarda fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar ham nazarda tutilgan. Jumladan, deklaratsiyani to‘ldirish jarayonida aniqlangan texnik xato va kamchiliklar bojxona xodimi tomonidan tuzatilishi mumkinligi belgilangan.

Shuningdek, agar tovar yoki buyum 16 yoshga to‘lmagan shaxsga tegishli bo‘lsa, deklaratsiyaning «tovar nomi» va «buyum nomi» ustunlarida egasining pasport yoki ID-karta raqami ham ko‘rsatilishi shart.

Yana bir muhim jihat — mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari undirilmaydigan cheklangan me’yorlardan qat’i nazar, ular majburiy tarzda deklaratsiya qilinishi lozim. Biroq tizim operatori bazasida ro‘yxatga olingan va O‘zbekiston hududida sotib olingan mobil qurilmalar bundan mustasno hisoblanadi.

Ushbu yangilik raqamli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid