
Bojxona sohasida Apellyatsiya kengashi tashkil etildi
31.07.2025 | 18:1547652
Tadbirkorlarning bojxona sohasidagi muammolarini tizimli hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida maxsus Apellyatsiya kengashi tashkil etildi. Kengash tadbirkorlar murojaatlarini o‘rganish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berishi kutilmoqda.

2025 yil 28 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 470-sonli qarori bilan tadbirkorlik sub’ektlarining bojxona sohasidagi muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha Apellyatsiya kengashi faoliyati tashkil etildi.
Kengashning asosiy vazifalari qatorida:
tadbirkorlarning bojxonaga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish;
tovarlarning bojxona qiymatini belgilash bo‘yicha tavsiyalar berish;
bojxona imtiyozlaridan foydalanishda yuzaga keladigan nizolarni hal etish kabi ishlar belgilangan.
Shuningdek, kengash bojxona organlariga uslubiy yordam ko‘rsatadi va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi. Bunda iqtisodiyot tarmoqlari va yirik ishlab chiqaruvchilardan olingan narx kalkulyatsiyasi ma’lumotlariga asoslanish rejalashtirilgan.
Apellyatsiya kengashi tarkibiga turli idoralar va tashkilotlar vakillari jalb etilgan. Jumladan, Savdo-sanoat palatasining Qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholash boshqarmasi boshlig‘i J.Nosirov ham a’zo sifatida kiritilgan.





