
Bokuda Qorabog‘ rahbarlariga hukm: umrbod qamoq jazolari tayinlandi
Boku harbiy sudi Qorabog‘ning sobiq arman ayirmachilaridan iborat rahbarlariga nisbatan hukm chiqardi, ayrim ayblanuvchilar umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.
Bokudagi sud jarayoni | © Foto: Azertac5-fevral kuni Boku harbiy sudi 2023 yil kuzida qo‘lga olingan Qorabog‘ning sobiq harbiy-siyosiy rahbarlariga nisbatan sud hukmlarini e’lon qildi. Bu haqda Ozarboyjon davlat axborot agentligi «Azertaj» xabar berdi.
Sobiq prezident Araik Arutyunyan, shuningdek, tan olinmagan tuzilmaning mudofaa armiyasi qo‘mondoni Levon Mnatsakanyan, uning o‘rinbosari David Manukyan va tashqi ishlar rahbari David Babayan umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Qorabog‘ milliy majlisi raisi David Ishxanyanga ham umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Ayblov tomoni sanalganlarga nisbatan aynan shunday jazo talab qilgan edi.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchilar tinchlik va insoniyatga qarshi jinoyatlar, jumladan tajovuzkor urushni tayyorlash va olib borish, terrorizm va uni moliyalashtirish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashda aybdor deb topildi.
Tayinlangan jazolar
Qorabog‘ning yana ikki sobiq prezidenti — Arkadiy Gukasyan va Bako Saakyan 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. «Azertaj» agentligining ma’lum qilishicha, ularga nisbatan umrbod jazo qo‘llanilmadi, chunki sudlanuvchilar 65 yoshdan oshgan.
Jami 15 nafar shaxs ushbu jinoyat ishi doirasida javobgarlikka tortilgan. Ayblovlar orasida genotsid, urush qonunlari va odatlarini buzish, terrorchilik faoliyati ham qayd etilgan.
Jumladan Xo‘jali genotsidida o‘z ishtirokini tan olgan Madat Babayan 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Sud jarayoni davomida Ozarboyjon tomoni Qorabog‘dagi harbiy harakatlar davrida sodir etilgan voqealarni tizimli jinoyatlar sifatida baholagan.
Qorabog‘ning ozod etilishi
2023 yil kuzida Ozarboyjon bir kunlik harbiy operatsiya orqali Qorabog‘ ustidan to‘liq nazoratni tiklagan edi. Mintaqa 1990-yillar boshida o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, ammo hech bir davlat tomonidan rasman tan olinmagan.
2024 yil 1-yanvardan Qorabog‘ o‘z mavjudligini tugatganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng mintaqada yashagan o‘n minglab arman aholisi hududni tark etishga majbur bo‘ldi.
Qo‘lga olingan rahbarlar Ozarboyjon Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Bokuga olib ketilgan va sudga tortila boshlangan.





