add

Bola puli va nafaqalardan qarz so‘ndirish to‘g‘rimi? — Odamlar o‘z haqqini talab qilmoqda

09.07.2025 | 09:002044

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi ijtimoiy nafaqalardan fuqarolar roziligisiz qarz to‘lovi uchun avtomatik yechib olish holatlarini to‘xtatishni so‘rab, Markaziy bankka jamoatchilik so‘rovi yo‘lladi.

Bola puli va nafaqalardan qarz so‘ndirish to‘g‘rimi? — Odamlar o‘z haqqini talab qilmoqda
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va federatsiyaning hududiy bo‘limlariga fuqarolar tomonidan bolalar puli, nogironlik va vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalarning bank kartochkalaridan avtomatik yechib olinishi haqida ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Iste’molchilar ta’kidlashicha, bu mablag‘lar ularning roziligisiz, kredit to‘lovlariga yo‘naltirilmoqda. Parpiyevga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasida zaif toifadagi fuqarolarning huquqlari davlat tomonidan himoyalanishi belgilangan. Shu bilan birga, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan, iste’molchi huquqlarini cheklovchi va qonunchilikka zid bo‘lgan shartlar haqiqiy emas deb e’tirof etiladi. Agar bu kabi shartlar natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, u holda zarar ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi tomonidan qoplanishi shart. «Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, shartnomalarga iste’molchilarning qonuniy huquqlarini kamsitadigan yoki ularni belgilangan imtiyozlardan mahrum qiladigan talablarni kiritish qat’iyan taqiqlangan», - deyiladi xabarda. Federatsiyaga ko‘ra, mazkur amaliyot fuqarolik qonunchiligidagi oferta va aksept normalariga zid bo‘lib, fuqarolarning iste’molchi sifatidagi konstitutsiyaviy va qonuniy huquqlarini buzish demakdir. Shu sabab O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruviga jamoatchilik so‘rovi bilan murojaat kiritgan. Unda: Unda:
  • barcha bank va mikromoliya tashkilotlari ichki tartiblariga ijtimoiy nafaqalarni fuqaro roziligisiz (akseptsiz) qarz to‘loviga yo‘naltirish amaliyotini cheklovchi normalar kiritish;
  • mavjud avtomatik yechib olish dasturlaridan ijtimoiy nafaqalarni chiqarib tashlash; iste’molchi sifatida fuqarolarning buzilayotgan qonuniy huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish taklif etilmoqda.
«Bu takliflar ijtimoiy himoya mablag‘larini haqiqiy maqsadda — zaif toifadagi fuqarolarning yashash darajasini ta’minlash va himoya qilish yo‘lida sarflanishini ta’minlashga qaratilgan», - deyiladi xabarda.

Teglar

Mavzuga oid