Boltiqbo‘yi davlatlari bombadan himoyalanishda Ukrainadan yordam so‘radi

Bugun 22:002 daqiqa

Ushbu davlatlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan Rossiya agressiyasi tahdididan o‘z xalqi xavfsizligini ta’minlash uchun eng maqbul yechimlarni izlamoqda.

Boltiqbo‘yi davlatlari bombadan himoyalanishda Ukrainadan yordam so‘radi

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Rossiya agressiyasi va dronlar hujumi xavfidan aholini himoya qilish maqsadida bomba boshpanalari qurish bo‘yicha Ukraina mudofaa mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va fuqarolik muhofazasi ekspertlariga yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Ukraina qurolsozlar kengashi direktori Igor Fedirko bergan ma’lumotga tayanib, «Politico» nashri xabar berdi.

Igor Fedirkoning so‘zlariga ko‘ra, kichik hududga ega bo‘lgan ushbu davlatlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan Rossiya agressiyasi tahdididan o‘z xalqi xavfsizligini ta’minlash uchun eng maqbul yechimlarni izlamoqda.

Ukrainaning «Metinvest» kompaniyasi bosh direktori Yuriy Rijenkov ham Boltiqbo‘yi hukumatlari bilan dron hujumlaridan himoyalanuvchi boshpanalar qurish bo‘yicha dastlabki muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqlab, bu jarayonda Ukrainaning taktik tajribasi katta qiymatga ega ekanini qo‘shimcha qildi.

Havo tahdidlari va hududdagi siyosiy oqibatlar

So‘nggi oylarda Boltiqbo‘yi mamlakatlari havo hududiga dronlar bostirib kirishi holatlari tez-tez kuzatilmoqda. Latviyaning Rossiya chegarasi yaqinidagi Rezekne shahrida qulagan ukrain dronlaridan biri neft rezervuariga shikast yetkazgan. Dronlar bilan bog‘liq bir qator ko‘ngilsiz holatlar va tahdidlarga qarshi tura olmaslik oqibatida mamlakat Mudofaa vazirligi rahbari, so‘ngra Latviya hukumati iste’foga chiqqan.

Litvada esa havo hayajoni e’lon qilinishi sababli mamlakat prezidenti Gitanas Nauseda va hukumat a’zolari boshpanalarga yashirinishga majbur bo‘lgan.

Dronlarning havo hududini buzib kirishi bilan bog‘liq bir nechta insidentlardan so‘ng Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan uzr so‘ragan. Estoniya Mudofaa vaziri Xanno Pevkur o‘z mamlakati Rossiya tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumlarga uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rayotgani va aholini himoya qilish uchun yetarli ekspertizaga egaligini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid