
Braziliyada o‘rta tabaqa daromad solig‘idan ozod etildi
03.10.2025 | 09:4028473
Braziliya parlamenti o‘rta tabaqani daromad solig‘idan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Tashabbus yirik boylar uchun soliqni to‘rt barobar oshirish hisobiga amalga oshiriladi.

Braziliyada prezident Luis Inasiu Lula da Silva taklif etgan muhim tashabbus parlament quyi palatasi tomonidan ma’qullandi. Endi o‘rta tabaqa vakillari daromad solig‘idan ozod etiladi, bu esa mamlakatda 16 millionga yaqin fuqaroni qamrab oladi, deb xabar bermoqda BFMTV.
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, oylik daromadi 5 ming real (800 yevro)dan kam bo‘lganlar soliq to‘lamaydi. Ilgari bu chegara 3 ming real (480 yevro) darajasida edi. Shu tariqa, 2026 yildan boshlab aholining katta qismi daromad solig‘idan ozod etiladi.
Byudjet tushumlaridagi yo‘qotishlarni qoplash maqsadida eng boy qatlamga to‘g‘ri keladigan soliq stavkalari to‘rt barobar oshiriladi. Hozirda oylik daromadi 50 ming real (7995 yevro)dan yuqori bo‘lgan 140 ming kishi o‘rtacha 2,5 foiz soliq to‘laydi. Yangilangan qonunga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bosqichma-bosqich oshirilib, 10 foizgacha yetkaziladi.
Qonun loyihasi quyi palatada bir ovozdan qabul qilindi va endi Senat muhokamasiga yo‘llandi. Qizig‘i shundaki, sobiq prezident Jair Bolsonaru partiyasi rahbarligidagi muxolifat garchi boylar uchun soliq oshirilishini ma’qullamasa-da, qonun uchun ovoz berdi.
Lulaga yaqin elektorat orasida keng qo‘llab-quvvatlangan ushbu tashabbus moliya bozorlarida salbiy reaksiya uyg‘otgan. Loyiha ilk bor o‘tgan yili taqdim etilganda, real milliy valyutasi tarixiy darajada qadrsizlanib ketgan edi.





