
Britaniya Rossiya tahdidiga qarshi 12 ta atom suv osti kemasi qurmoqchi
02.06.2025 | 14:2047443
Buyuk Britaniya hukumati Rossiyadan kelayotgan xavflarga qarshi kurashish maqsadida 12 ta yangi atom suv osti kemasi qurish rejasini e’lon qildi. Ushbu loyiha AUKUS harbiy ittifoqi doirasida amalga oshiriladi.

Buyuk Britaniya mudofaa salohiyatini mustahkamlash maqsadida 12 ta SSN-AUKUS tipidagi yangi atom suv osti kemalarini qurishini ma’lum qildi. Bu haqda «TASS» agentligi xabar berdi.
Ushbu kemalar AUKUS — Avstraliya, Buyuk Britaniya va AQSH o‘rtasidagi harbiy ittifoq doirasida ishlab chiqiladi. Ular yadroviy harakatlantiruvchi qurilma va oddiy qurollar bilan jihozlanadi. Yangilangan flot Britaniya va uning ittifoqchilari xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xilining ta’kidlashicha, mamlakat suv osti kuchlari doimiy jangovar navbatchilikda ishtirok etmoqda. U Rossiyadan kelayotgan tahdidlar kuchayib borayotganini qayd etib, ularning oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘rilishi zarurligini bildirdi.
Bu qaror 2 iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Key Starmer tomonidan taqdim etilishi kutilgan mudofaa masalalari bo‘yicha strategik sharh taqdimoti arafasida e’lon qilindi. Taqdimotda mudofaani kuchaytirishga oid 62 ta tavsiya va mamlakat xavfsizligiga asosiy tahdidlar keltirilgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Britaniya qurolli kuchlari mamlakatni zamonaviy xavf-xatarlardan himoya qilishga to‘liq shay holatda ekani ko‘rsatib o‘tilgan.





