add

Britaniyada vazirlar Falastinni tan olishga chaqirmoqda

24.07.2025 | 08:204604

Britaniya hukumatining yuqori lavozimli a’zolari bosh vazir Kir Starmerga bosimni kuchaytirmoqda — ular G‘azodagi fojealar ortidan Falastin mustaqilligini rasman tan olishni talab qilmoqda.

Britaniyada vazirlar Falastinni tan olishga chaqirmoqda
Britaniya bosh vaziri Kir Starmer hukumat ichidagi vazirlar bosimiga duch kelmoqda. Ular Isroilning G‘azodagi hujumlari va tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlardan so‘ng Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olish vaqti kelganini ta’kidlashmoqda. Sog‘liqni saqlash vaziri Ues Striting Isroilning Dayr-ul-Balahdagi BMTning sog‘liqni saqlash omboriga bergan zarbasini «toqat qilib bo‘lmas holat» deb atadi. U Britaniyaga murojaat qilib, «hech bo‘lmaganda tan oladigan narsa qolguncha» Falastinni rasman davlat sifatida tan olishni talab qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi va tibbiyot xodimlariga qarshi bunday hujumlar tinchlik imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarmoqda. Adliya vaziri Shabona Mahmud hamda Shimoliy Irlandiya ishlari bo‘yicha vazir Hillari Benn so‘nggi hukumat yig‘ilishlarida shu masalani ko‘targan. «Guardian» nashrining yozishicha, hukumatda birinchi marta Falastinni tan olish bo‘yicha jiddiy munozara yuzaga kelgan — bu masala endi «ideal vaqt»ga bog‘lanmasligi mumkin. Shu paytgacha Britaniya rasman Falastinni tan olishni faqat tinchlik jarayoni doirasida va boshqa G‘arb davlatlari bilan hamohang holda amalga oshirishni ma’qul ko‘rgan edi. Ammo bu jarayon aslida boshlanmagan. Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi mamlakat ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlashini, Fransiya boshchiligidagi muzokara tashabbusini quvvatlashini bildirgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, faqat Falastin davlatchiligini tan olish orqali Yaqin Sharqda barqarorlikka erishish mumkin. Shu bilan birga, «Guardian» manbalarining qayd etishicha, Britaniya va Kanada Isroilning lobbi ta’siri tufayli bu qadamda hanuz ikkilanmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ogohlantirishicha, G‘azodagi so‘nggi insonparvarlik yo‘laklari ham yo‘q bo‘lib bormoqda. Isroilga nisbatan xalqaro tanqidlar va ittifoqdoshlardan javob talablari tobora kuchaymoqda.  

Teglar

Mavzuga oid