add

Budapeshtdagi sammit nega bekor qilingani ma’lum bo‘ldi

22.10.2025 | 08:158691

Rossiya AQSHga Ukraina bo‘yicha norasmiy kommyunike yuborib, Donbassning to‘liq nazoratini talab qilgan. Bu talab Trampning «front chizig‘ini muzlatish» pozitsiyasiga zid.

Budapeshtdagi sammit nega bekor qilingani ma’lum bo‘ldi

Budapeshtda o‘tkazilishi kutilgan Tramp va Putin sammiti bekor qilinishiga Rossiyaning yangi talablari sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Reuters agentligining ikki nafar manbasiga tayanib xabar berishicha, Moskva o‘tgan dam olish kunlarida Vashingtonga norasmiy, xos kommyunike yuborgan. Hujjatda Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishish uchun Donbassning barcha hududlari ustidan nazoratni talab qilgan.

Manbalardan birining ta’kidlashicha, bu talab AQSH prezidenti Donald Trampning mavjud pozitsiyasiga zid. Tramp urushni to‘xtatish uchun front chizig‘ini muzlatish yetarli, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham Vashington Moskva bilan bu shartlarda kelishuvga borishni ma’qul ko‘rmagan.

Reuters’ning ma’lumoticha, Putin Budapeshtdagi bo‘lg‘usi uchrashuvda ham avvalgi keskin pozitsiyasidan chekinmasligini ma’lum qilgan. Rossiya hozirgi front chizig‘ida harbiy harakatlarni to‘xtatishni rad etgan.

Yevropalik diplomatlardan birining agentlikka bergan izohiga ko‘ra: «Ruslar haddan ziyod talab qildilar, Amerika delegatsiyasi esa Budapeshtda Tramp uchun hech qanday kelishuv bo‘lmasligini anglab yetdi», — degan.

Shu bilan Putin va Trampning ikki oy ichidagi ikkinchi uchrashuv joyi bo‘lishi mumkin bo‘lgan Budapesht sammiti amalga oshmadi. Moskva hozircha bu ma’lumotga rasmiy munosabat bildirmadi.

Teglar

Mavzuga oid