add

Burxonov samarqandlik amaldorlarni ishdan bo‘shatish haqida taqdimnoma kiritilganini aytdi

Kecha 20:044 daqiqa

Iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi, jiyani va yaqinlarini xorijga yuborgan samarqandlik amaldorlar 28 mln so‘mni budjetga qaytargan.

Burxonov samarqandlik amaldorlarni ishdan bo‘shatish haqida taqdimnoma kiritilganini aytdi

Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan “Alvon yelkanlar” bitiruvchilar bayramiga samarqandlik iqtidorli o‘quvchilar uchun ajratilgan sayohat imkoniyati viloyat MMTB xodimlari farzandlari o‘rtasida taqsimlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Bugun, 6-fevral kuni Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan o‘tkazilgan majlisda agentlik rahbari Akmal Burxonovning ma’lum qilishicha, Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgan. Iqtidorli yoshlar o‘rniga farzandi, jiyani va yaqinlarini xorijga yuborgan samarqandlik amaldorlar 28 mln so‘mni budjetga qaytargan.

Antikorrupsiya agentligi bu amaldorlarni ishdan bo‘shatish haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan.

Samarqandda nima bo‘ldi?

Xo‘p, avval boshda bu voqeadan xabardor bo‘lmaganlar uchun qisqacha izoh: Sankt-Peterburg shahrida har yili o‘tadigan «Alыye parusa» nomli an’anaviy bitiruv kechasi tadbiri bor. O‘tgan yili o‘sha tadbirga samarqandlik 14 nafar eng iqtidorli o‘quvchi va ularga rahbarlik qiladigan bir nafar guruh yetakchisi taklif etilgan. Ammo shu iqtidorlarni saralab, o‘sha tadbirga yuborishi kerak bo‘lgan Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Muzaffar Hamdamov delegatsiya tarkibiga o‘z o‘g‘li va jiyanini ham qo‘shib yuborgan.

Birgina u emas, ajratilgan chiptalarning ayrimlari boshqarma xodimlarining farzandlariga ham berilgan. Ya’ni tanlov eng munosiblar — aytganimdek, viloyatning turli sohalardagi iqtidorli o‘quvchilari o‘rtasida emas, idora ichida hal qilingan. Jumladan, boshqarma davlat xaridlari bo‘limi xodimining o‘g‘li, inson resurslari bo‘limi bosh mutaxassisining o‘g‘li ham «tanlanganlar» qatorida bo‘lgan. Tasavvur qilyapsizmi, yoshlar kelajagiga mas’ul insonlar qilayapti bu ishlarni. 

Hamdamov va boshqarma munosabati

Ishning misi chiqib, u tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lar ekan, ko‘plab fikr yetakchilari va ijtimoiy tarmoq faollari holatni ochiq nepotizm deb baholashdi. Chunki bu yerda gap shunchaki sayohat haqida emas — bolalar haqi, adolat va teng imkoniyatlar haqida ketayotgan edi.

Kulgilisi, Muzaffar Hamdamov ijtimoiy tarmoqlarda masalaga to‘xtalar ekan, jumladan, holat haqida birinchi bo‘lib yozgan bloger Xayrulla Mamasoliyevning posti ostidagi izohida bu ish shunchalik katta gunoh ekanini bilmaganini yozgan. Ya’ni bolalar haqiga xiyonat qilinayotganini anglash uchun ham rahbar darajasidagi mas’ul shaxsda yetarli sezgi bo‘lmagan.

Boshqarma matbuot xizmatining biroz o‘tib e’lon qilgan rasmiy munosabatida esa Rossiyaga yuborish uchun tanlab olingan ayrim o‘quvchilarning xorijga chiqish pasporti bo‘lmagani, ayrim ota-onalar esa farzandlarini Rossiyaga yuborishni istamaganini aytgan. Natijada yetarli nomzod to‘planmagani qayd etilgan.

Lekin jamoatchilikni bu rasmiy munosabatda qoniqtirmagan jihat shundaki: 28-iyunda bo‘lib o‘tgan tadbirga taklifnoma 15-mayda kelgan. Nahotki, bir yarim oy ichida munosib bolalarni izlab topish imkoni bo‘lmagan?

1200 dan ziyod maktabi bo‘lgan Samarqand viloyatida nahotki 14 nafar munosib o‘quvchini topish qiyin bo‘lsa, tanlov boshqarma boshlig‘ining o‘g‘li, jiyani va boshqarma xodimlarining farzandlari bilan tugagan bo‘lsa?!

Albatta, yo‘q. Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan, xorijga chiqish hujjatlari tayyor bo‘lgan o‘quvchilar Samarqandda kam emas.

Modomiki shunday ekan, nega o‘quvchilarni ochiq va shaffof saralash mexanizmi ishga tushirilmagan? Nega e’lon berilmagan? Agar haqiqatan ham nomzodlar yetishmagan bo‘lsa, bu tarzda delegatsiya to‘plagandan ko‘ra safarni bekor qilish mumkin emasmidi? Yoki joylar bo‘sh qolgan taqdirda ham «zoye ketmasin, o‘zimiznikilar bora qolsin», degan tamoyil ishga tushishi shartmidi?

Eng alamlisi — bu imkoniyat aslida mehnati, bilimi va natijalari bilan munosib bo‘lgan bolalarga tegishli edi. Ular orasida haqiqatan ham xalqaro maydonda mamlakat sha’nini munosib himoya qila oladigan o‘quvchilar bor edi. Toki Samarqandda mavjud tizim ularni emas, amaldorlarning yaqinlarini tanlayotgan ekan — demak, muammo shaxsiy emas, institutsional tus olgan.

Qolaversa, Rossiyadagi barcha xarajatlarni mezbon tomon — Sankt-Peterburg shahri budjeti qoplagan. O‘zbekiston tomoni faqat aviachiptalarni xarid qilishi kerak bo‘lgan.

Samarqandlik jurnalist Farhod Norbo‘tayevning yozishicha, viloyat hokimligi tomonidan ham, viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan ham pul ajratilmagan. Biroq viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xarajatlar smetasidan taxminan 96 million so‘m Rossiyadagi bitiruv kechasiga sarflangan.

Eng muhim savol: agar Rossiya tomoni barcha xarajatlarni qoplagan bo‘lsa, nega 96 million so‘m sarflangan? Bu mablag‘ qay tartibda va kimning qarori bilan ajratilgan?

Teglar

Mavzuga oid