«Butun Rossiyaga emas, faqat Moskvaga zarba berish kerak» — «Flamingo» bosh konstruktori

Kecha 08:252 daqiqa

Ukrainaning «Flamingo» qanotli raketalarini ishlab chiqaruvchi «Fire Point» kompaniyasi bosh konstruktori Denis Shtilerman Rossiya rahbariyatini shokka tushirishning yagona yo‘lini ma’lum qildi.

«Butun Rossiyaga emas, faqat Moskvaga zarba berish kerak» — «Flamingo» bosh konstruktori

«Fire Point» mudofaa kompaniyasi rahbari Denis Shtilerman bloger Denis Kazanskiyga bergan intervyusida Ukraina Rossiyaning butun hududiga kuch sarflamasdan, bor e’tiborni Moskvadagi harbiy va neft infratuzilmasiga qaratishi lozimligini ta’kidladi. Uning fikricha, faqatgina poytaxtga beriladigan muntazam zarbalar Rossiya elitasiga ta’sir qila oladi.

Konstruktorning fikricha, Rossiya rahbariyati uchun mamlakatning boshqa hududlarida nima bo‘layotgani ahamiyatsiz.

«Bu zarbalar Rossiya tepasidagilarda taassurot qoldirishi uchun ular faqat Moskva ichida — Rublyovka va Moskvada sodir bo‘lishi kerak», — dedi Shtilerman.

 

Raketa ishlab chiqarish va yangi texnologiyalar

«Fire Point» kompaniyasi hozirgi kunda kuniga uchta «Flamingo» raketasini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘z dvigatelini yaratish jarayonini yakunlamoqda va shundan so‘ng ishlab chiqarish hajmi cheklanmaydi.

Avvalroq raketalar uchun mahalliy AI-25 yoki AI-25TL dvigatellari ishlatilgan bo‘lib, ular uchinchi davlatlar orqali yashirincha sotib olingan.

Yangi reaktiv dvigatel past balandlikda uchish uchun optimallashtirilgan va ikki konturli turboreaktiv tizimga asoslangan.

Shtilermanning ta’kidlashicha, Ukraina o‘z dvigateliga o‘tgandan so‘ng, buyurtmalar soni qancha bo‘lsa, shuncha raketa yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa Moskvaga qilinadigan hujumlarning intensivligini oshirishi mumkin.

«Flamingo» — uzoq masofaga (3000 km.gacha) uchuvchi Ukraina qanotli raketasi bo‘lib, u «Fire Point» xususiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va 2025-yilning avgustida taqdimot qilingan. Yerdan uchiriluvchi bu raketaning og‘irligi 6 tonna atrofida, 1000 kg og‘irlikdagi jangovar kallakni tashiydi va yirik obyektlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan.

Teglar

Mavzuga oid