Buxoro shahrining bosh rejasi tasdiqlandi
2043-yilgacha Buxoro shahri hududi qariyb 1,5 barobar kengayadi, uy-joy fondi ikki baravarga yaqin oshadi. Tarixiy markazdagi har qanday o‘zgarish esa UNESCO bilan kelishiladi.

Buxoro shahrining 2043-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining 23-iyuldagi 402-son qarori bilan tasdiqlandi. Hujjatga ko‘ra, shahar hududi 7 966 gektardan 11 847 gektargacha kengaytiriladi. Shu bilan birga, aholi soni 289,2 ming nafardan 385 ming nafargacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Bosh reja Prezidentning 2023-yil 11-sentabrdagi PQ-299-son qarori asosida «O‘zshaharsozlikLITI» tomonidan ishlab chiqilgan va Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan.
Endi Buxoro viloyati hokimligi ikki oy muddatda uni amalga oshirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
2043-yilga borib shahardagi uy-joy fondi 4,46 mln kvadrat metrdan 8,09 mln kvadrat metrgacha oshiriladi. Natijada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni 15,4 kvadrat metrdan 21 kvadrat metrgacha yetadi. Bunda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Yangi infratuzilma rejasi
Bosh rejada ijtimoiy infratuzilmani kengaytirish uchun aniq ko‘rsatkichlar belgilangan. Jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari quvvati 22 330 o‘ringa, umumta’lim maktablari 53 130 o‘ringa, shifoxonalar 9 552 o‘ringa yetkaziladi. Poliklinikalar esa bir smenada 15 780 nafarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, 16 600 o‘rinli mehmonxonalar, savdo, umumiy ovqatlanish, madaniyat, kino va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Transport tizimi ham modernizatsiya qilinadi. Magistral ko‘chalar uzunligi 102,6 kilometrdan 203 kilometrgacha oshiriladi. Jamoat transporti orqali yiliga 163,8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish maqsad qilingan.
Muhandislik tarmoqlarida ichimlik suvi, oqova suv, elektr, gaz va chiqindilarni qayta ishlash quvvatlari ham aholi o‘sishiga mos ravishda kengaytiriladi.
UNESCO talabi ustuvor
Bosh rejada Buxoroning tarixiy merosini saqlash alohida ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Tarixiy hududlardagi rekonstruksiya ishlari faqat qonunchilik talablari asosida amalga oshiriladi va madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalariga qat’iy rioya qilinadi.
Shuningdek, Buxoro viloyati hokimligi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda bosh reja va unga kiritiladigan barcha o‘zgartishlarni UNESCO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya orqali Umumjahon merosi markazi bilan kelishib boradi.
Tarixiy markaz qiyofasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday loyiha avval UNESCO bilan muvofiqlashtiriladi.
Qarorga muvofiq, bosh rejaga zid ravishda yer uchastkalarini ajratish yoki rekreatsiya va ko‘kalamzor hududlarda boshqa maqsadlarda qurilish olib borishga yo‘l qo‘yilmaydi.





