add

Buxoro viloyatidagi yangi aeroport 2027-yil boshida ishga tushadi

Buxoro viloyatida qurilayotgan yangi xalqaro aeroportni 2027-yil birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyiha turizm va yo‘lovchi oqimini oshirishga qaratilgan.

Buxoro viloyatidagi yangi aeroport 2027-yil boshida ishga tushadi

Buxoro viloyatida qurilayotgan yangi xalqaro aeroport 2027-yil birinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Buxoro xalqaro aeroporti direktor o‘rinbosari Shahboz Hayitov «O‘zbekiston 24» telekanali efirida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi aviatsiya majmuasi yiliga 3 mln nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda, umumiy investitsiyalar hajmi esa 226 mln dollar etib baholanmoqda.

Qurilish ishlari shahar hududidan tashqarida, 377,7 gektar maydonda olib borilmoqda. Amaldagi aeroport Buxoro shahri ichida joylashgani sababli uni yanada kengaytirish texnik jihatdan imkoni yo‘q, deb topilgan.

Yangi aeroport infratuzilmasi 3,3 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagini o‘z ichiga oladi. U barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishga mo‘ljallangan. Shuningdek, beshta burilish yo‘lagi va samolyotlar uchun 20 ta zamonaviy turargoh barpo etiladi. Aerovokzal majmuasining soatlik o‘tkazish quvvati 1200 nafar yo‘lovchini tashkil etadi.

Aeroport Buxoro shahridan 26 km masofada joylashgani bois, transport qatnovini ta’minlash maqsadida 29 km uzunlikda yangi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Mas’ullar ta’kidlashicha, 2030 yilga borib mintaqada yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada o‘sadi va mavjud havo gavani bu yuklamani ko‘tara olmaydi.

Hozirgi kunda amaldagi Buxoro xalqaro aeroporti soatiga taxminan 400 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, bu esa yiliga qariyb 1 mln kishini tashkil qiladi. Turistlarning katta qismi hozircha temiryo‘l va avtomobil transporti orqali kelmoqda. Shu bilan birga, yaqin uch yil ichida Buxoroga keluvchi turistlar sonini yiliga 8 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Yangi aeroport qurilishi 2024 yil may oyida boshlangan bo‘lib, u turizmni rivojlantirish va hududning transport imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid