add

Buxoroda 20 nafar o‘quvchi zaharlandi

Bugun 11:151 daqiqa

Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida tahsil olayotgan 20 nafar abituriyentning salomatligi yomonlashgani haqida tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushgan.

Buxoroda 20 nafar o‘quvchi zaharlandi

11-yanvar kuni Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida joylashgan o‘quv markazida tahsil olayotgan 20 nafar abituriyent salomatligi yomonlashgani haqida tez tibbiy yordam xizmatiga xabar kelib tushgan. Holat zudlik bilan nazoratga olinib, bemorlar tuman tibbiyot birlashmasiga yetkazildi, deb xabar bermoqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokimining tezkor topshirig‘iga binoan, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elyor Oltiyev rahbarligida ishchi guruh tuzilgan.

Barcha bemorlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining amaldagi standartlari asosida laborator hamda instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Shifokorlar tomonidan zarur tibbiy chora-tadbirlar ko‘rilib, bemorlarning holati doimiy kuzatuvga olingan.

Ko‘rilgan muolajalar natijasida 20 nafar abituriyentning ahvoli barqarorlashgan. Ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berilgan.

«Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirilgan bo‘lib, ularning keyingi holati mahalliy tibbiy xizmat tomonidan nazorat qilinadi»,— deyiladi xabarda.

Ayni paytda barcha bemorlarning ahvoli qoniqarli, qo‘shimcha shikoyatlar qayd etilmagan. Shu bilan birga, holat sabablarini aniqlash maqsadida bemorlardan qon namunalari olinib, belgilangan tartibda ekspertizaga yuborilgan.

Teglar

Mavzuga oid