Logo

Buyuk Britaniya bosh vaziri iste’foga chiqayotganini e’lon qildi

Bugun 16:452 daqiqa

Kir Starmer Buyuk Britaniya bosh vaziri va Leyboristlar partiyasi rahbari lavozimidan ketishini ma’lum qildi. Uning o‘rniga Katta Manchester meri Endi Byornem asosiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda.

Buyuk Britaniya bosh vaziri iste’foga chiqayotganini e’lon qildi © Reuters

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakat hukumati rahbari va Leyboristlar partiyasi yetakchisi lavozimlaridan iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC News xabar berdi.

Starmer partiyadoshlari orasida qo‘llab-quvvatlov pasayganini tan olib, 2029 yildagi navbatdagi parlament saylovlariga partiyani boshlab borish uchun eng munosib nomzod emasligini aytdi.

«Qabul qilgan har bir qarorim o‘zim sevadigan mamlakatni hamma narsadan ustun qo‘yish istagi bilan yo‘g‘rilgan. Aynan shu sababli iste’foga chiqyapman», — deydi Londondagi Dauning-strit qarshisida so‘zga chiqqan Starmer.

Uning ma’lum qilishicha, Leyboristlar partiyasi rahbarligi uchun nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni 9-iyuldan boshlanadi. Yangi yetakchi parlamentning yozgi ta’tili yakunlanib, sentabrda ish boshlashiga qadar aniqlanishi kutilmoqda. Shu vaqtgacha Starmer bosh vazir vazifasini bajarishda davom etadi va hokimiyatning tartibli topshirilishini ta’minlaydi.

Nutqi yakunida u siyosatdan keyingi asosiy e’tiborini oilasiga qaratishini ta’kidlab, rafiqasi Vik va farzandlariga ko‘proq vaqt ajratishini bildirdi.

Yangi bosh vazir lavozimiga asosiy da’vogar sifatida Endi Byornem ko‘rilmoqda. U yaqinda parlamentga qayta saylangan va Leyboristlar partiyasi ichida eng kuchli nomzod sifatida baholanmoqda.

Kir Starmer boshchiligidagi Leyboristlar partiyasi 2024 yilgi parlament saylovlarida g‘alaba qozonib, 14 yillik konservatorlar hokimiyatiga barham bergan edi. Biroq 2025–2026 yillarda partiyaning reytinglari pasayib, mahalliy saylovlarda yirik yo‘qotishlarga uchradi. Ayniqsa, Nayjel Faraj boshchiligidagi Reform UK ta’sirining kuchayishi leyboristlar orasida xavotirlarni oshirgan.

Teglar

Mavzuga oid

Buyuk Britaniya bosh vaziri iste’foga chiqayotganini e’lon qildi | Vaqt.uz