add

Buyuk Britaniyada ish o‘rinlari qisqarishi sababli ishga qabul jarayoni to‘xtamoqda

10.06.2025 | 21:0012754

Britaniya kompaniyalari yangi ishchi qabul qilishni kechiktirmoqda yoki bo‘shagan o‘rinlarni to‘ldirmayapti. Bu esa mamlakatda ish o‘rinlari sonining sezilarli pasayishiga olib keldi. 2025 yil mart–may oylari oralig‘ida bo‘sh ish o‘rinlari 63 mingtaga kamaydi va 736 mingtaga tushdi.

Buyuk Britaniyada ish o‘rinlari qisqarishi sababli ishga qabul jarayoni to‘xtamoqda
Buyuk Britaniya Milliy statistika boshqarmasi (ONS)ga ko‘ra, mehnat bozorida zaiflashuv kuzatilmoqda. Peyrollda bo‘lgan ishchilar soni ham kamaygan. Boshqarma vakili Liz MakKeonning ta’kidlashicha, ba’zi kompaniyalar yangi ishchilarni jalb qilish yoki ishdan ketgan xodimlarning o‘rniga yangisini olishni kechiktirmoqda. Shu bilan birga, ishsizlik darajasi 4,5 foizdan 4,6 foizga ko‘tarilib, so‘nggi to‘rt yildagi eng yuqori darajaga yetdi. KPMG Britaniya bosh iqtisodchisi Yael Selfinning fikricha, ish haqi xarajatlarining oshib borishi fonida ko‘plab kompaniyalar xodimlar sonini qisqartira boshlaydi. Ish haqi o‘sish sur’ati fevral–aprelda 5,2 foizga sekinlashgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lib qolmoqda. Aprelda inflyatsiya 3,5 foizga teng bo‘lgan. Ushbu jarayonga hukumatning ish beruvchilar uchun mo‘ljallangan milliy sug‘urta badallarini oshirgani ham ta’sir qilmoqda. Bu o‘zgarish 2024 yil oktyabrdagi byudjetda qabul qilingan va parlament muddati yakunlangunga qadar 25 mlrd funt sterling yig‘ishni ko‘zlagan. Mehnat vaziri Elison Makgovern hukumat o‘zgarganidan beri 500 ming nafar yangi ishchi ishga joylashganini ta’kidlagan. Ammo Konservatorlar partiyasining biznes bo‘yicha soya vaziri Endryu Griffit bunday statistikani «ahvol kutilganday» deb baholadi. Liberal-demokratlar vakillari esa hukumatni «ish o‘rinlariga soliq» orqali kichik biznes imkoniyatlarini kamaytirayotganlikda aybladi. Chorshanba kuni moliya vaziri Reychel Rivz davlat byudjetining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Sog‘liqni saqlash va mudofaa sohalari eng ko‘p mablag‘ ajratiladigan yo‘nalishlardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Mehnat bozoridagi ushbu zaiflashuv Britaniya Markaziy bankiga foiz stavkalarini pasaytirish imkonini beradi. Bank rahbari Endryu Beylining so‘zlariga ko‘ra, ish haqi o‘sishi sekinlashmoqda va bu kelgusida pul-kredit siyosatiga ta’sir ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid