Logo

Buyuk Britaniyada viza berish tartibi o‘zgardi

Bugun 16:312 daqiqa

Mamlakat to‘liq raqamli immigratsiya tizimiga o‘tdi. 1-iyuldan immigrantlarga an’anaviy viza stikeri (vignette) berish to‘xtatildi.

Buyuk Britaniyada viza berish tartibi o‘zgardi © ijtimoiy tarmoqlar

Buyuk Britaniya hukumati mamlakat immigratsiya tizimini to‘liq raqamlashtirish doirasida eVisa (elektron viza) tizimiga o‘tdi. Bu haqda mamlakat hukumati saytida ma’lum qilindi.

Yangi tartib 2026 yil 25-fevraldan bosqichma-bosqich joriy etildi. 1-iyuldan esa «UK Visas and Immigration» xizmati yangi murojaatchilar uchun viza stikerlarini rasman berishni to‘xtatdi.

eVisa — bu pasportga yopishtiriladigan hujjat emas, balki Buyuk Britaniyada bo‘lish huquqini tasdiqlovchi raqamli immigratsiya maqomidir. U «UK Visas and Immigration» tizimidagi shaxsiy akkauntga bog‘lanadi va internet orqali tekshiriladi. Safardan oldin foydalanuvchilar o‘z pasportini mazkur akkauntga bog‘lashi talab etiladi.

Yangi tartib qanday?

eVisa joriy etilganidan keyin vizasi ma’qullangan murojaatchilarning pasporti viza stikerini yopish uchun ushlab qolinmaydi. Ariza ko‘rib chiqilayotgan vaqtda pasport egasiga qaytariladi.

Sayohat vaqtida aviakompaniyalar hamda chegara xizmati yo‘lovchining immigratsiya maqomini elektron tizim orqali tekshiradi. Shu tariqa qog‘oz hujjatlardan foydalanishga ehtiyoj sezilarli darajada qisqaradi.

Yangi tartib tashrif, ish, o‘qish, oilaviy va boshqa ko‘plab viza toifalari uchun amal qiladi. Biroq Buyuk Britaniyaga qisqa muddatli safar qilish uchun viza talab etilmaydigan ayrim davlatlar fuqarolari avvalgidek ETA (Electronic Travel Authorisation) tizimidan foydalanishda davom etadi.

EVisa va ETA farqi

Britaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ETA va eVisa turli maqsadlarga xizmat qiladi. ETA vizasiz kirish huquqiga ega fuqarolar uchun elektron ruxsatnoma bo‘lsa, eVisa viza olishi shart bo‘lgan shaxslarning rasmiy raqamli immigratsiya maqomini anglatadi.

Hukumatning ta’kidlashicha, yangi tizim hujjatlarni qalbakilashtirish xavfini kamaytiradi, pasport yo‘qolgan yoki almashtirilganda ma’lumotlarni tez yangilash imkonini beradi hamda chegara nazoratini soddalashtiradi.

Shu bilan birga, ayrim mutaxassislar raqamli xizmatlardan foydalanishi qiyin bo‘lgan, ayniqsa yoshi katta fuqarolar uchun yangi tizim muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligini qayd etmoqda. Shu bois hukumat murojaatchilarga «UK Visas and Immigration» akkauntini oldindan yaratish va eVisa holatini muntazam tekshirib turishni tavsiya qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada ham 1-iyuldan viza uchun hujjat topshirish tartibi o‘zgarishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid