«BYD» jahon bo‘ylab savdolarda tarixda ilk bor «Ford»dan o‘zib ketdi
Xitoy avtogiganti 2025 yilda 4,6 mln mashina sotib, «Ford»ni jahon reytingida bir pog‘ona pastga tushirdi. Bu bozorda kuchlar muvozanatining keskin o‘zgarishini anglatadi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Xitoyning «BYD» kompaniyasi ilk bor AQSHning «Ford» konsernini jahon miqyosidagi sotuvlar bo‘yicha ortda qoldirdi. Bu haqda «Bloomberg» kompaniyalar hisobotlariga tayanib xabar bermoqda.
Natijada «BYD» global avto ishlab chiqaruvchilar reytingida oltinchi o‘rinni egallab, «Ford»ni yettinchi pog‘onaga tushirib qo‘ydi.
«BYD» o‘tgan yili jami 4,6 mln avtomobil sotganini ma’lum qildi. Ford esa 4,4 mlnga yaqin mashina realizatsiya qilgan, bu esa avvalgi yilga nisbatan qariyb 2 foizga kam. Shu tariqa Xitoy kompaniyasi ilk bor Amerika avtogigantini orqada qoldirdi.
Mutaxassislar fikricha, bozordagi bu o‘zgarish elektromobil segmentidagi keskin raqobat bilan bog‘liq. «BYD» arzon va texnologik yechimlarga ega modellar orqali Yevropa va Osiyo bozorlarida ulushini tez oshirmoqda.
Bozorda kuchlar o‘zgarishi
Ford AQSHda sotuvlarni oshirganiga qaramay, Yevropa va ayniqsa Xitoy bozorida pozitsiyalarini yo‘qotmoqda. Bu hududlarda «BYD», «Xiaomi» va «Geely» kabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar elektromobillar hisobiga ulushni faol kengaytirmoqda.
«Ford» hozir elektrga o‘tish jarayonida qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Kompaniya strategiyani qayta ko‘rib chiqish va transformatsiya qilish uchun 19,5 mlrd sarflashini e’lon qildi. Bu xarajatlar bozordagi raqobat bosimi kuchayganini ko‘rsatadi.
Jahon avtosanoatida yetakchilikni esa «Toyota» saqlab qolmoqda. Yaponiya korporatsiyasi oltinchi yil ketma-ket birinchi o‘rinni egallab, 2025 yilda 11,3 mln avtomobil sotgan va natijani 4,6 foizga oshirgan.
Global ekspansiya
«Ford» ichki muammolar bilan kurashayotgan bir paytda, «BYD» xalqaro ekspansiyani jadallashtirmoqda. 2025 yilda kompaniya 1,05 mln avtomobilni tashqi bozorlarga yetkazib berdi. 2026 yil uchun maqsad 1,3 mlnga chiqishdan iborat.
Strategiyaning asosiy qismi ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan. «BYD» Tailand, O‘zbekiston va Braziliyada zavodlar ishga tushirdi yoki tayyorlamoqda. 2026 yil ikkinchi yarmida Vengriyada zavod ochilishi kutilmoqda. Bu Yevropa Ittifoqi boj to‘siqlarini aylanib o‘tish va mahalliy brendlar bilan bevosita raqobat qilish imkonini beradi.





