add

BYD Yevropa elektromobil bozorida Tesla’dan ilk bor ustun keldi

23.05.2025 | 09:4027823

Xitoyning BYD kompaniyasi Yevropadagi elektromobil bozorida AQSHning mashhur Tesla kompaniyasini ilk bor ortda qoldirdi. Bu voqea elektromobil sanoatida jiddiy burilish nuqtasini anglatishi mumkin.

BYD Yevropa elektromobil bozorida Tesla’dan ilk bor ustun keldi
Aprel oyi natijalariga ko‘ra, Xitoydagi BYD kompaniyasi Yevropada 7231 dona yangi elektromobilni ro‘yxatdan o‘tkazib, yillik o‘sishini 169 foizga yetkazdi. Bu bilan u AQSHning Tesla kompaniyasini ortda qoldirdi. Tesla elektromobillari ro‘yxatdan o‘tkazilish ko‘rsatkichi 7165 dona bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan deyarli 50 foizga kamaygan. Shunday qilib, BYD Yevropada eng ko‘p sotilgan 10 ta elektromobil brendi qatoriga kirdi. Tesla esa ilk bor 11-o‘ringa tushib qoldi. Bloomberg nashrining yozishicha, Jato Dynamics tahliliy kompaniyasi ushbu burilishni Yevropa bozori uchun katta ahamiyatga ega deb baholagan. Kompaniya tahlilchisi Felipe Muniosaning ta’kidlashicha, bu o‘zgarish raqamlarda kichik ko‘ringani bilan, amalda katta oqibatlarga olib kelishi mumkin. «Bu Yevropa avtomobil bozorida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi», — deydi u. Qolaversa, agar gibrid turdagi avtomobillar, ya’ni tok bilan ham, yonilg‘i bilan ham harakatlanuvchi modellar ham qo‘shib hisoblansa, BYDning umumiy sotuvlari 359 foizga oshgan. Bu esa kompaniyaning Yevropadagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Yevropa bozoridagi bu dinamika Tesla uchun jiddiy signal bo‘lishi mumkin. Iste’molchilarning afzalliklari va raqobat muhiti o‘zgarmoqda, bu esa global avtosanoat uchun yangi chaqiriqlarni yuzaga chiqarishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

BYD Yevropa elektromobil bozorida Tesla’dan ilk bor ustun keldi | Vaqt.uz