
ChatGPT Go obunasi O‘zbekistonda ishga tushdi
OpenAI O‘zbekistonda ham ChatGPT Go obunasiga start berdi. Endi foydalanuvchilar arzon narxda GPT-5 imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin.

OpenAI kompaniyasi o‘zining yangi «ChatGPT Go» tarif rejasini 89 mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda ham ishga tushirganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Yangi tarif foydalanuvchilarga chat-botning kengaytirilgan funksiyalaridan ancha arzon narxda foydalanish imkonini beradi. Obunaning oylik to‘lovi 5 dollar etib belgilangan bo‘lib, bu hozirgi Markaziy bank kursi bo‘yicha taxminan 60 300,75 so‘mni tashkil etadi.
ChatGPT Go obunachilariga flagman GPT-5 modeli asosida ishlovchi tizim taqdim etiladi. Ushbu tarif doirasida kengaytirilgan so‘rovlar limiti, surat yaratish funksiyasi, hujjat va fayllarni yuklash imkoniyati mavjud bo‘ladi. Shuningdek, «eslab qoluvchi» keng kontekstli oynalar orqali chatning uzluksizligi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, Go obunasi ma’lumotlarni tahlil qilish vositalariga kengroq kirish imkoniyatini ham beradi. Foydalanuvchilar shaxsiy GPT modellarini yaratish va turli dialoglarni loyihalar ko‘rinishida birlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Biroq ushbu obuna OpenAI’ning oldingi modellari — xususan, ChatGPT-4 ni o‘z ichiga olmaydi.
ChatGPT Go ilk marta 2025 yil avgust oyida Hindistonda ishga tushirilgan edi. Hozirda u nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlarida, balki Pokiston, Bangladesh, Nepal, Shri-Lanka, shuningdek, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoning ko‘plab davlatlarida ham faoliyat yuritmoqda.





