
Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi
14.10.2025 | 19:0622834
Chernogoriya hukumati O‘zbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qildi. Qaror mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonida viza siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida qabul qilingan.

9 oktyabr kuni Chernogoriya hukumati O‘zbekiston va qator davlatlar fuqarolari uchun vizasiz tartibning amal qilishini to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat hukumatining matbuot xizmati ma’lum qildi.
98-sessiyada bosh vazir Miloyko Spayich rahbarligidagi Vazirlar Mahkamasi Armaniston, O‘zbekiston va Misr fuqarolarini vizadan vaqtincha ozod etuvchi qarorlarni o‘zgartirishga oid hujjatni tasdiqladi.
Hukumat bayonotida ta’kidlanishicha, mazkur o‘zgarishlar milliy viza siyosatini Yevropa Ittifoqi talablariga moslashtirish, shuningdek, 2024–2027 yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturi doirasidagi majburiyatlarni bajarish maqsadida amalga oshirilgan.
«Qabul qilingan tuzatishlar yuqorida tilga olingan mamlakatlar fuqarolari uchun vizadan vaqtincha ozod etish haqidagi ilgarigi qarorlarning amal qilishini to‘xtatadi. Bu orqali Chernogoriya Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini tasdiqlaydi», — deyiladi hukumat xabarida.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burhonovning ma’lum qilishicha, Chernogoriya bilan vizasiz tartib asosan turistik mavsumda — 15 iyundan 30 avgustgacha amal qiladi. Bu davrda O‘zbekiston fuqarolari turputyovka orqali mamlakatga kirishlari mumkin, boshqa vaqtlarda esa Moskvadagi Chernogoriya elchixonasi orqali viza rasmiylashtirish talab etiladi.
Shu bilan birga, vazirlik hozircha Chernogoriya tomonidan vaqtinchalik vizasiz tartib rasman bekor qilingani haqida rasmiy ma’lumot olmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprel oyida Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun vizani bekor qilish rejasi haqida xabar bergan edi. Shu yili iyundan boshlab ikki davlat o‘rtasida Tivat shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yilgandi.
O‘zbekiston esa 2019 yildan buyon Chernogoriya fuqarolariga 30 kunlik vizasiz tartibni amalga oshirib kelmoqda.





