
Chet eldan yangi telefon olib kirishdagi ovoragarchilik kamayadigan bo‘ldi
11.10.2025 | 16:3025444
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn to‘ldirish va taqdim etish imkonini beruvchi yangi mobil ilovani ishga tushirdi. Tizim orqali IMEI-kodlar skanerlanadi, qog‘ozda to‘ldirish esa butunlay bekor bo‘ladi.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi yo‘lovchilar uchun yangi elektron xizmatni yo‘lga qo‘ydi. Endi chegaradan o‘tishda bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali onlayn to‘ldirish va taqdim etish mumkin bo‘ladi. Buning uchun maxsus «Yo‘lovchi-deklaratsiyasi» ilovasi ishga tushirildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ilovaning interfeysi oddiy va foydalanuvchi uchun qulay bo‘lib, pasport ma’lumotlari kiritilgandan so‘ng deklaratsiyaning asosiy bandlari avtomatik ravishda to‘ldiriladi. Yo‘lovchi faqat olib o‘tayotgan valyutalar, tovarlar yoki qurilmalar haqidagi ma’lumotlarni kiritishi kifoya.
Qo‘mitaning ma’lumot berishicha, ilova orqali mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini qo‘lda yozish talab etilmaydi. Bu ma’lumotlar ilova yordamida skanerlash orqali avtomatik ravishda kiritiladi. Shu bilan birga, chegara postlarida maxsus infokiosklar o‘rnatilib, ular orqali ham deklaratsiya yuborish imkoni yaratiladi.
Fuqarolarning qulayligi uchun chegarada bepul Wi-Fi hududlar tashkil etiladi. Elektron deklaratsiya tizimi qog‘oz shaklida uchraydigan xatolarni — ma’lumotlarni kech yozish, noto‘g‘ri kiritish yoki o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish holatlarini bartaraf etadi.
Yangi tizim nafaqat yo‘lovchilarning vaqtini tejaydi, balki mamlakatning xalqaro turistik imijini ham yaxshilashi kutilmoqda. Ilovani «Play Market» va «App Store» orqali yuklab olish mumkin.
«Yo‘lovchi-deklaratsiyasi» ilovasi hozircha «Toshkent» xalqaro aeroportida sinov tariqasida ishlamoqda. 2025 yil 1 noyabrdan boshlab esa barcha chegara o‘tkazish punktlarida to‘liq joriy etiladi. Bu islohot O‘zbekiston prezidentining 2025 yil 25 martdagi PF–57-sonli farmoni asosida amalga oshirilmoqda.





