
Chevrolet Tracker’ning yangilangan modeli rasman namoyish qilindi
02.07.2025 | 09:406483
Chevrolet o‘zining ommabop krossoveri Tracker’ning restayling qilingan versiyasini rasman namoyish qildi. Yangi model ikki qavatli old yorug‘lik uskunalari va sezilarli darajada yangilangan salon bilan ajralib turadi.

Tracker krossoveri hozirgi avlodi ilk bor 2019 yili Xitoyda taqdim etilgan edi. Keyinchalik ushbu model Braziliya, Argentina va O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilda Xitoyda sport ko‘rinishdagi RS versiyasi namoyish etilgan bo‘lib, uning saloniga yangilik kiritilgan, biroq tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmagan edi.
Xitoy bozorida Tracker kutilgan muvaffaiyatni qo‘lga kirita olmagan va ushbu model yig‘ilishi to‘xtatilgani xabar qilingan. Ammo Lotin Amerikasida, ayniqsa Braziliyada, ushbu krossover katta talabga ega.
General Motors’ning Braziliyadagi bo‘limi yangilangan Tracker’ning ommaviy ishlab chiqarilishini boshlaganini ma’lum qildi va zavoddagi birinchi modellar suratlarini e’lon qildi. Yangi Tracker ikki qavatli yorug‘lik tizimi bilan jihozlangan: yuqorida yorug‘lik diodli yulduzsimon chiroqlar, pastda esa asosiy farlar joylashgan. Shuningdek, yangi bamper va radiator panjarasida yangiliklar bor.
Salon ham yangilangan bo‘lib, multimedia plansheti va raqamli panel birlashtirilgan. Yangi «iqlim» nazorati displey va ikkita aylanuvchi tugma bilan boshqariladi.
Texnik jihatlar haqida hali rasmiy ma’lumot berilmadi. Ammo 2023 yil oxirida Tracker’ning Braziliya versiyasidagi motorlari modernizatsiya qilingan edi. Benzin va etanolda ishlaydigan 1.0 va 1.2 turbomotorlar shundayligicha saqlanishi kutilmoqda. Ular mos ravishda 117/121 va 139/141 ot kuchiga ega bo‘lib, 6 pog‘onali avtomat qutisi bilan jihozlangan.
Yangilangan Tracker’ning to‘liq taqdimoti yaqin haftalarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.





