Chirchiqda 24/7 rejimda ishlovchi birinchi gastronomik ko‘cha ochildi
Ko‘chada jami 43 ta umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti joylashgan.
© Foto: gov.uzToshkent viloyati Chirchiq shahrida kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan Amir Temur gastronomik ko‘chasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Yangi jamoat maskani mahalliy aholi va sayyohlarga kunning istalgan vaqtida ovqatlanish, dam olish va xizmatlardan foydalanish imkonini beradi.
Ko‘chada jami 43 ta umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti joylashgan bo‘lib, ularning 10 tasi o‘z faoliyatini ilk bor boshlagan. Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida 332 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Infratuzilma va kelgusi rejalar
Qayta ta’mirlash ishlari doirasida ko‘chada zamonaviy piyodalar yo‘laklari, bolalar maydonchasi, sport bilan shug‘ullanish uchun vorkaut (workout) zonasi, fotozonalar va yashil hududlar barpo etilgan.
Shuningdek, bu yerda favvoralar hamda lazerli yoritish tizimiga ega dekorativ ariq ishga tushirilgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, ushbu loyiha prezident tashabbusi bilan zamonaviy shahar muhitini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Drayver» loyihalari doirasida amalga oshirilgan. Bu kabi ko‘chalar milliy taomlar va zamonaviy xizmatlarni bir joyda taqdim etish orqali hududning turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 27-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarini tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, 2030 yil yakuniga qadar poytaxtda gastronomik, turistik va tunu kun ishlaydigan ko‘chalar sonini 100 taga, ularning uzunligini esa 118,4 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan. Ularning asosiy qismi Chilonzor (11 ta), Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Sergeli va Yangihayot (10 tadan) tumanlarida joylashishi belgilangan.





