Logo

Chorak asrlik ishonch: Octobank tashkil topganiga 25 yil bo‘ldi

Bugun 14:454 daqiqa

25 yil ichida Octobank mijozlar ishonchini qozonib, O‘zbekistonning eng tez rivojlanayotgan banklaridan biriga aylandi.

Chorak asrlik ishonch: Octobank tashkil topganiga 25 yil bo‘ldi

2026 yil 23-iyun kuni Octobank Markaziy bankdan bank faoliyatini amalga oshirish uchun ilk marta litsenziya olganiga roppa-rosa 25 yil to‘ldi.

Bu davrda bank an’anaviy bankdan O‘zbekistonning eng tez rivojlanayotgan raqamli moliyaviy ekotizimlaridan biriga aylandi. Bugungi kunda jismoniy shaxslardan tortib, biznes va xalqaro hisob-kitoblar uchun zamonaviy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatib kelinmoqda.

2023 yilda bank o‘z nomini Ravnaq bank’dan Octobank’ka o‘zgartirdi. Shundan so‘ng bankda keng ko‘lamli rebrending amalga oshirildi va o‘sish sur’atlari sezilarli darajada jadallashdi.

So‘nggi uch yil ichida bankning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlari bir necha barobarga oshdi. Xususan, aktivlar hajmi 817 mlrd so‘mdan 16,3 trln so‘mga, ya’ni qariyb 20 baravarga ko‘paydi. Bank kapitali 127 mlrd so‘mdan 1,1 trln so‘mga yetdi, depozitlar hajmi esa 633 mlrd so‘mdan 14,7 trln so‘mgacha o‘sib, 23 baravardan ortiq ko‘paydi.

Hozirda Octobank’ning 3,6 million nafardan oshiq mijozlari bor. 2025 yil yakunlari bo‘yicha bankning sof foydasi qariyb 70 foizga o‘sdi va 255,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Shuningdek, bank faqat O‘zbekistonda emas, xorijiy maydonda ham keng ko‘lamli hamkorlik ishlarini olib bormoqda. Hozirda Octobank’ning xalqaro hamkorlar tarmog‘i 55 tadan ortiq mamlakatni o‘z ichiga oladi.

Bank ichki va xalqaro maydonda e’tirof qilinmoqda

So‘nggi yillarda bank mijozlar ishonchini qozonishda davom etdi va turli sohalarda bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha Octobank kichik banklar orasida O‘zbekistondagi TOP 3 banklar qatoriga kirdi.

Bank Moody's va S&P Global Ratings xalqaro reyting agentliklaridan reytinglar va barqaror prognoz olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Octobank uchun xalqaro maydonda «ishonchlilik sertifikati» bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, yana bir qancha mukofotlar qo‘lga kiritildi:
• Visa talqiniga ko‘ra ikki karra «Eng yaxshi ekvayer bank» deb e’tirof etildi
• «O‘zbekiston bank sohasidagi jadal rivojlanish uchun» mukofoti sohibi bo‘ldi
• E-commerce Central Asia Expo sohaviy ko‘rgazmasida «Raqamli to‘lovlar lideri» unvoniga sazovor bo‘ldi
• Brend qiymati 30 million AQSH dollariga yetdi

Raqamli mahsulotlar, xizmatlar va aqlli yechimlar

Octobank raqamli transformatsiyani o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. Bank mijozlarga kundalik moliyaviy operatsiyalarni tez, qulay va xavfsiz amalga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy mahsulot va xizmatlarni taklif etmoqda.

Jumladan, Octo-Mobile mobil ilovasi orqali foydalanuvchilar hisoblarni boshqarish, to‘lovlarni amalga oshirish, mablag‘ o‘tkazish va boshqa bank xizmatlaridan masofadan turib foydalanishi mumkin.

Shuningdek, QR-kod orqali to‘lovlar tizimi xaridlarni yanada qulaylashtirib, naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bank mijozlarga depozitlar, mikroqarzlar va kredit mahsulotlarini ham taklif etib, aholi va tadbirkorlarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirishga ko‘maklashmoqda.

Bundan tashqari, Octo-Mobile ilovasiga JETT investitsiya platformasi integratsiya qilingan. Bu orqali mijozlar O‘zbekiston kapital bozorida faol ishtirok etib, moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishlari mumkin. Xizmat orqali mijozlar may oyida bo‘lib o‘tgan Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsida qatnashishga muvaffaq bo‘ldi.

Octobank biznes vakillari uchun mamlakatdagi eng mashhur banklardan biri hisoblanadi. Bankning OCTO servisi tadbirkorlarga internet-ekvayring va onlayn to‘lovlarni qabul qilish imkonini beradi.

POS-terminallar va savdo ekvayringi xizmatlari orqali esa biznes vakillari mijozlarga qulay va zamonaviy to‘lov usullarini taklif etish imkoniyatiga ega.

Hisob-kitob-kassa xizmatlari korxonalarning kundalik moliyaviy operatsiyalarini samarali boshqarishga xizmat qilsa, xalqaro hisob-kitoblar bo‘yicha yechimlar kompaniyalarga xorijiy hamkorlar bilan ishlashda qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.

Xalqaro rivojlanish va pul o‘tkazmalari

25 yil davomida Octobank xalqaro maydondagi ishtirokini faol kengaytirib kelmoqda. Bank xalqaro moliyaviy forumlarda qatnashib, yetakchi xorijiy banklar bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda hamda transchegaraviy to‘lovlar infratuzilmasini mustahkamlamoqda.

2025 yilda Octobank O‘zbekistonning sanoqli banklari qatorida dunyoning eng nufuzli moliyaviy forumlaridan biri — SIBOS forumida ishtirok etib, 20 mamlakatdan kelgan hamkorlar bilan 40 dan ortiq uchrashuv o‘tkazdi.

Bankning xalqaro to‘lov va pul o‘tkazmalari yo‘nalishida ham imkoniyatlari kengayib bormoqda. Hozirda Alipay+ bilan integratsiya yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mijozlarga Xitoy va Alipay+ ekotizimiga kiruvchi boshqa mamlakatlarda bank ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.

Shuningdek, bank Kaspi bilan hamkorlikda Qozog‘istondan HUMO va Uzcard kartalariga pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Janubiy Koreyada ishlayotgan va yashayotgan fuqarolar uchun esa E9PAY orqali xalqaro pul o‘tkazmalari xizmati joriy etildi.

Ijtimoiy tashabbuslar

Octobank moliyaviy xizmatlar bilan cheklanib qolmasdan, mamlakatdagi ijtimoiy loyihalarni ham faol qo‘llab-quvvatlaydi.

Bank tomonidan «Mahalla bankiri» dasturi, maktab o‘quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalar, OCTO-AI-TV sun’iy intellekt platformasi hamda «Octobank yuzlari» tashabbusi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, bank xayriya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratadi. Jumladan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi markazini zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, bolalar uchun bayram tadbirlari va sovg‘alar tashkil etish ishlari doimiy amalga oshirib kelinmoqda.

Octobank ESG tamoyillariga sodiq bo‘lib, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatni hisobga olgan holda PR va ijtimoiy loyihalarni ham amalga oshiradi.

Chorak asrlik faoliyati davomida Octobank millionlab mijozlar ishonchini qozonib, O‘zbekiston moliya sektoridagi muhim ishtirokchilardan biriga aylandi. Bank kelgusida ham raqamli xizmatlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mijozlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi.

Teglar

Mavzuga oid