
Chuchuk suv ilinjida: Saudiya yomg‘ir suvni to‘plovchi mingta yangi to‘g‘on qurmoqchi
01.08.2025 | 10:1522143
Saudiya Arabistoni iqlim o‘zgarishlari fonida suv zaxiralarini uzoq muddat saqlab qolish maqsadida 1000 ta yangi to‘g‘on qurishni boshlamoqda. Ular yiliga 4 mln kub metr yomg‘ir suvini to‘plash imkonini beradi.

Saudiya Arabistoni kelgusida yomg‘ir suvini samarali yig‘ish va quruq hududlarda suv yetishmovchiligini yumshatish uchun 1000 ta yangi to‘g‘on qurishga qaror qildi. Bu haqda mamlakat atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vaziri Abdurahmon al-Fazliy «Akhbaar24» nashriga ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, turli hajmdagi bu to‘g‘onlar yiliga jami 4 million kub metrgacha yomg‘ir suvini saqlab qolishga xizmat qiladi. Ular nafaqat suvni to‘plash, balki yerosti suv zaxiralarini to‘ldirish, suv toshqini xavfini kamaytirish va suv tanqisligini yengillashtirishga ham ko‘maklashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya hukumati suv resurslari sohasida 61,3 mlrd dollarlik yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Mamlakatda suv ishlab chiqarish ikki barobar oshgan bo‘lib, hozirgi kunda 75 foizi dengiz suvini tozalash hisobiga amalga oshirilmoqda. Qirollik chuchuklashtirilgan dengiz suvi hajmi bo‘yicha dunyoda peshqadam hisoblanadi.
Shuningdek, qayta ishlatilayotgan suv miqdori ham ikki barobar ko‘payib, 32 foizga yetkazilgan. Bu hamda tabiiy suv manbalaridan oqilona foydalanish yo‘nalishida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida 2030 yilgacha uglerod gazi chiqindilarini ikki barobar kamaytirish, 10 mlrd daraxt ekish va 40 mln hektar yer maydonini tiklash kabi maqsadlarni belgilagan.
«Yashil Saudiya» dasturi doirasida hozirgacha 151 mln daraxt ekdi, 500 ming gektardan ortiq yer tiklandi. Dastur 2030 yilga qadar 215 mln daraxt ekishni va 2,5 mln gektar yerni tiklashni ko‘zda tutmoqda.





