add

Dalalarga noqonuniy o‘t qo‘yish 27 ming gektar yerga zarar yetkazdi

12.09.2025 | 19:4026263

2025 yil may–avgust oylarida mamlakatda 2 436 ta dala yong‘in kuzatilgan. Eng ko‘p zarar Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Dalalarga noqonuniy o‘t qo‘yish 27 ming gektar yerga zarar yetkazdi
2025 yil may–avgust oylarida 13 ta hududda g‘alladan bo‘shagan yerlarda somon poyalarining noqonuniy yoqilishi aniqlangan. Jami 27 ming gektardan ortiq maydon zarar ko‘rgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 31 ming 542 gektardan biroz kamaygan. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, eng katta zarar Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keldi — 870 ta holatda 11 829 gektar yer yoqib yuborilgan. Shu bilan birga, Andijon viloyatida 7 665 gektar, Surxondaryo viloyatida esa 2 104 gektar maydon zararlandi. Eng kam zarar Navoiy viloyatida qayd etilgan bo‘lib, u yerda faqat 1 ta holatda 8 gektar yer yoqilgan. Agentlikning tahlillarida ayrim yerlarda yong‘in holatlari takrorlangani ham aniqlangan. Xususan, Toshkent viloyatida 73 ta, Surxondaryo viloyatida 47 ta va Samarqand viloyatida 13 ta holat ikkinchi bor sodir bo‘lgan. 1 gektar yer maydonida boshoqli don poyasi yoqilganida atmosfera havosiga 500 gramm azot oksidi, 379 gramm uglevodorod, 3 kg kul, 20 kg is gazi va uglerod oksidi (SO) gazi tarqaladi. Bu esa inson organizmida sil va saraton kasalliklari kelib chiqishi, atrof-muhit ifloslanib, tuproq unumdorligi pasayishi kabi oqibatlarga olib keladi, deydi «O‘zbekkosmos». Eslatib o‘tamiz, joriy yildan «O‘zbekkosmos» dala yong‘inlarini kuzatish uchun yangi portal ishga tushirgan edi.

Teglar

Mavzuga oid