
Daniyada pensiya yoshi 70 ga ko‘tariladi
23.05.2025 | 14:1514213
Daniya parlamenti 2040 yilga qadar pensiya yoshini 70 ga ko‘tarish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bu mamlakatni Yevropada eng yuqori pensiya yoshiga ega davlatga aylantiradi. Qonun 1971 yil 1 yanvardan keyin tug‘ilgan barcha fuqarolarga taalluqli bo‘ladi.

Bu chora 2006 yilda joriy etilgan pensiya yoshini umr davomiyligiga bog‘lash tizimi doirasida amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda pensiya yoshi 67 ni tashkil etadi, 2030 yilda 68, 2035 yilda esa 69 ga yetkaziladi.
Qonun loyihasi 81 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, 21 nafar esa qarshi ovoz berdi. O‘tgan yili mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksen avtomatik oshirish tizimi qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Biroq bunday o‘zgarish jamoatchilikda turlicha qabul qilindi. 47 yoshli Tommas Yensen o‘z fikrini shunday ifodaladi: «Biz tinmasdan ishlayapmiz, ammo buni doimo davom ettirib bo‘lmaydi. Soliq to‘lab kelyapmiz — bolalar va nabiralar bilan vaqt o‘tkazish haqqimiz ham bo‘lishi kerak».
So‘nggi haftalarda Kopenhagenda pensiya yoshining oshishiga qarshi kasaba uyushmalari qo‘llovida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Daniya kasaba uyushmalari konfederatsiyasi rahbari Yesper Ettrup Rasmussen ushbu taklifni «tamoman adolatsiz» deb atadi.
«Daniya iqtisodiyoti barqaror, biroq Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori pensiya yoshi bizda», — dedi u. «Bu o‘zgarishlar munosib qarilik hayoti huquqini yo‘qotishga olib keladi».
Ayni paytda, Yevropaning ko‘plab davlatlari ham umr davomiyligining oshishi va byudjet tanqisligini kamaytirish maqsadida pensiya yoshini ko‘tarmoqda. Masalan, Shvetsiyada pensiya to‘lash eng erta 63 yoshdan boshlanadi. Italiyada bu 67 yosh, Fransiyada esa 2023 yilda pensiya yoshi 62 dan 64 ga ko‘tarildi — bu esa ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan.





