Logo

Davaktiv sobiq rahbari Akmalxon Ortiqovga oid jinoyat ishi ham sudga oshirildi

Kecha 17:412 daqiqa

Akmalxon Ortiqovga nisbatan o‘zlashtirish yoki rastrata, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish hamda mansab soxtakorligiga oid ko‘p epizodli jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida birinchi instansiyada ko‘rib chiqilmoqda.

Davaktiv sobiq rahbari Akmalxon Ortiqovga oid jinoyat ishi ham sudga oshirildi © Foto: president.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq direktori Akmalxon Ortiqovga nisbatan jinoyat ishi sudga oshirildi. Sud majlislari jadvaliga ko‘ra, navbatdagi sud 20-iyul kuni soat 14:30 ga tayinlangan. Ishni sudya Xasan Ochilov ko‘rib chiqmoqda.

Qanday ayblovlar qo‘yilgan?


Akmalxon Ortiqov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a, v, g» bandlari, 206-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari hamda 209-moddasi 1-qismi va 2-qismi «a, b» bandlari bilan ayblanmoqda. Ular o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligiga oid ayblovlarni o‘z ichiga oladi.

Ish doirasida «Smart Expert Group» rahbari Ziyoviddin Jabborov, «Veritas» rahbari Zuhriddin Nig‘manxonov, «Master Expert» ta’sischisi Ravshan Xalitkariyev, «Kontinent Imkon Baho» rahbari Shermatjon Jo‘rayev hamda Sayidjon Saidov ham sudlanmoqda. Ularga ham o‘zlashtirish yoki rastrata va mansab soxtakorligi, ayrimlariga esa nodavlat tashkilot mansabdor shaxsining o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, olti nafar sudlanuvchidan ikki nafariga, jumladan Akmalxon Ortiqovga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Qolgan to‘rt nafarga esa garov va munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot choralari belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 27-yanvardagi selektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Ortiqov lavozimidan ozod etilganini ma’lum qilib, Davaktiv va «O‘zbekneftgaz»da yirik talon-torojlik holatlari aniqlanganini ma’lum qilgandi. Prezidentga ko‘ra, bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasi yopiq auksion orqali 120 mlrd so‘mga sotilgan.

Avvalroq «O‘zbekneftgaz» sobiq raisi Bahodir Siddiqov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ham sudga oshirilganligi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid