add

Davlat arbobi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi

28.09.2025 | 23:0018064

O‘zbekistonning yirik davlat arbobi, qishloq va suv xo‘jaligi sohasida xizmat qilgan Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida olamdan o‘tdi.

Davlat arbobi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi
O‘zbekiston siyosiy va ijtimoiy hayotida o‘zining munosib izini qoldirgan taniqli davlat arbobi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov vafot etdi. Bu haqda Vaqt.uzʼning suv xo‘jaligi sohasida ishlovchi manbalari xabar qildi. Manbaga ko‘ra, I.Jo‘rabekovning janozasi ertaga, 29 sentyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Ismoil Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. U uzoq yillar mobaynida qishloq xo‘jaligi va suv resurslari sohasida yuqori lavozimlarda faoliyat yuritdi. 1956 yildan boshlab turli mas’ul vazifalarni bajardi: Past Darg‘om tumani irrigatsiya tizimlari boshqarmasi muhandisi va rahbari, «Samarqandsuvqurilish» tresti boshlig‘i, keyinchalik esa respublika melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri lavozimida ishladi. Shuningdek, Jo‘rabekov O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi o‘rinbosari, Davlat agrosanoat qo‘mitasi raisi, fuqaro muhofazasi ishlari bo‘yicha vazir, Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi sifatida ham ishlagan. U, shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri sifatida mamlakat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. Jo‘rabekov 9–11 chaqiriqlar davrida O‘zbekiston SSR Oliy Soveti deputati etib saylangan. Ismoil Jo‘rabekov O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun”, “Do‘stlik” ordenlari, Tojikistonning “Do‘stiy” ordeni, sobiq ittifoqning “Oktyabr revolsiyasi”, “Xalqlar do‘stligi”, “Mehnat qizil bayroq” (2 marta) va “Hurmat belgisi” (2 marta) ordenlari bilan taqdirlangan. Vaqt.uz jamoasi marhumning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Teglar

Mavzuga oid

Davlat arbobi Ismoil Jo‘rabekov 94 yoshida vafot etdi | Vaqt.uz